Osiyo taraqqiyot banki va «InFin Bank» o‘rtasida bitim imzolandi
Toshkentda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamda «Invest Finance Bank» («InFin Bank») o‘rtasida savdo-sotiq yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamda «Invest Finance Bank» («InFin Bank») o‘rtasida savdo-sotiq yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.Mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklik izchil rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda hamkorlikdagi qariyb 60 loyihani moliyalashtirish uchun bankning 6 milliard dollardan ko‘proq mablag‘i jalb qilingan.
Shu yil mart oyida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao rahbarligidagi OTB delegatsiyasining mamlakatimizga qilgan tashrifi chog‘ida suv ta’minoti, yo‘l qurilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda meva-sabzavotchilik sohalarini rivojlantirish bo‘yicha bankning 573 million dollarlik mablag‘ini jalb qilish bo‘yicha to‘rtta bitim imzolangan.
Osiyo taraqqiyot banki savdoni moliyalashtirish dasturi orqali mamlakatimizdagi tijorat banklari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Dastur doirasida O‘zbekistonda savdoni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qariyb 1 milliard 300 million dollarlik 467 bitim moliyalashtirilgan bo‘lib, ularning 46 foizi kichik biznes subyektlari ishtirokidagi shartnomalar hisoblanadi.
Shu paytga qadar savdoni moliyalashtirish dasturini amalga oshirishda OTB mamlakatimizning «Asaka», «O‘zsanoatqurilishbank», «Hamkorbank», «Ipak yo‘li bank» singari moliya idoralari bilan hamkorlik qilib kelayotgan bo‘lsa, endilikda «InFin Bank» ham ushbu dasturda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
– Osiyo taraqqiyot bankining savdoni moliyalashtirish dasturiga qo‘shilish bizga mamlakatimizda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yanada faol ishtirok etish imkonini beradi, – deydi «InFin Bank» boshqaruvi raisi Z.Abdullayev. – Bu esa milliy iqtisodiyotning izchil taraqqiy etishi, aholi turmush farovonligi darajasining ortishiga xizmat qiladi.
OTBning savdoni moliyalashtirish dasturi Osiyo qit’asidagi 200 dan ziyod hamkor bankka savdoni qo‘llab-quvvatlash uchun kafolat va kreditlar beradi. Dasturning samaradorligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mintaqadagi savdo-sotiq aloqalarining mustahkamlanishi, xususan, eksport-import amaliyotlari rivojlanishida mazkur moliyaviy mexanizmning ahamiyati tobora oshmoqda. 2009-yildan beri Osiyo mintaqasida dastur doirasida 9 ming 200 dan ziyod korxonaga 26 milliard dollarga yaqin moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.