O‘zA O`zbek

28.12.2018 Chop etish versiyasi

Orolboʻyi aholisiga bayram tuhfasi

Orolboʻyi hududida istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimizga Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan Yangi yil bayrami tuhfasi tayyorlandi.

Qishloq xoʻjaligi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, uy-roʻzgʻor buyumlari ortilgan 10 ta “ISUZU” rusumli yuk mashinasi Sirdaryo – Qoraqalpogʻiston Respublikasi yoʻnalishi boʻylab yoʻlga chiqdi. Shu munosabat bilan viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq muammoni yumshatish, unga dunyo hamjamiyati va turli xalqaro tashkilotlar eʼtiborini qaratish borasida qilinayotgan ishlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi.

– Ogʻir ekologik sharoitda yashayotgan Orolboʻyi aholisiga Yangi yil bayrami sovgʻalari tashkil etilgani yaxshi ish boʻldi, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari Oʻtbosar Abdiyev. – Sovgʻani joʻnatish asnosida Orol dengizi bir paytlar betakror tabiati, baliq va baliq mahsulotlari bilan mashhur boʻlganini esladik. Prezidentimiz tomonidan hududdagi ekologik vaziyatni imkon qadar oʻnglash uchun olib borilayotgan ezgu ishlar qisqa vaqtlarda samara berishiga ishonamiz. Har qancha qiyin va murakkab boʻlmasin, kindik qoni toʻkilgan zaminni muqaddas bilib, uning ertangi kuniga ishonib yashayotgan qoraqalpogʻistonlik yurtdoshlarimizning bayram dasturxoniga hissa qoʻshayotganimizdan baxtiyormiz.



4 764
Abdujalol Qayumov, OʻzA