Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 17:58 Chop etish versiyasi

Oqdaryoda tikuvchilik fabrikasi ish boshladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil oktabr oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida paxta yetishtiruvchi barcha tumanlarda tolani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu asosda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlarga hududlarda tirikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga oid loyihalar kiritildi.

Jumladan, yaqinda Oqdaryo tumanida “Mushtariy Oqdaryo” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik fabrikasi ish boshladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Samarqand viloyati filialining 1,2 million dollarlik krediti va hamkorlarning 1 milliard 200 million so‘m mablag‘i yo‘naltirildi.

– Korxona yiliga 10-12 million dona bolalar va o‘smirlar kiyim-kechagi tikish quvvatiga ega, – deydi fabrika direktori B.Primov. – Ayni paytda 120 mingdan ortiq mahsulot tayyorlab, ichki bozorga chiqardik. Shuningdek, xorijdan buyurtmalar olib, eksport uchun mahsulot tayyorlashga kirishdik. Kelgusi yildan mahsulot turini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Yangi korxona ish boshlashi bilan 350 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ularning 130 nafari kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir.

– Joriy yilda Oqdaryo xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining tikuvchilik yo‘nalishini bitirdim, – deydi G.Sodiqova. – Kollejda birga o‘qigan yana to‘qqiz dugonam ham shu yerga ishga qabul qilindi. Zamonaviy tikuv mashinalarida bolalar uchun bejirim liboslar tikyapmiz. Bu yerda samarali ishlashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 109






Все о погоде - Pogoda.uz