O‘zA O`zbek

17.03.2020 Chop etish versiyasi

Oltinsoyda ishsizlar boʻlmasligi kerak!

Oltinsoyda ishsizlar boʻlmasligi kerak!

Bugun joylarda oʻz yechimini kutayotgan ogʻriqli muammolar koʻp. Shulardan biri – ishsizlik! Bu masalani bartaraf etish borasidagi ishlar allaqachon boshlanib ketgan. Muammo yechimi – hukumatimizning alohida nazoratida.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “2020-2022-yillarda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror ham bu boradagi yana bir amaliy qadamdir.

Hujjatda keltirib oʻtilganidek, Surxon vohasining ushbu olis tumanida oʻtgan qisqa davrda sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 84 milliard soʻmlik 113 ta loyiha amalga oshirilgan. Natijada 973 ta ish oʻrni yaratilgan. Bundan tashqari, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, yoʻl-transport infratuzilmasini
rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga 14,3 milliard soʻm mablagʻ
yoʻnaltirilgan.

Ammo bular hali kam. Qator sohalarda kamchiliklar kuzatilyapti. Masalan, tumanning sanoat va eksport salohiyatini yana-da yaxshilash kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri. Mavjud qishloq xoʻjaligi resurslaridan toʻliq va samarali foydalanilyapti, deb boʻlmaydi. Aholi hayot darajasini yaxshilash uchun sharoit yetishmaydi. Vaholanki, birgina bogʻ va uzumzorlardan samarali foydalanish orqali ham odamlar daromadlarini oshirsa, ish oʻrinlarini koʻpaytirsa boʻladi.

Hukumat qarori 2020-2022-yillarda Oltinsoy tumanini rivojlangan manzilga aylantirishga qaratilgan. Unga muvofiq, ana shu qisqa vaqt ichida hududda yoʻl infratuzilmasi, ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda aloqa tarmoqlari modernizatsiya qilinadi. Qator ijtimoiy soha obyektlari yangidan quriladi, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari yaxshilanadi.

Koʻp qavatli uy-joylarni taʼmirlash va atrofini obodonlashtirish boʻyicha ham vazifalar oʻrin olgan. Bundan tashqari, samarasiz eskirgan uzumzorlar, bogʻlar oʻrnida intensiv tokzor va mevazorlar barpo etiladi. Keyingi bosqichda agroklasterlar tashkil etish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash yoʻlga qoʻyiladi. Oʻz navbatida, sanoat yoʻnalishida bir qator istiqbolli loyihalar roʻyobga chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Oltinsoy tumanining “Xidirsho” va “Obshir” mahalla fuqarolar yigʻinlari markaziga “Hazarbogʻ” kanalidan 250-300 l/sek suv chiqarish quvvatiga ega yangi nasos stansiyasi qurilishi ham maqsad qilingan.

4 898
OʻzA