O‘zA O`zbek

20.07.2020 Chop etish versiyasi

Olti oyda salkam 5 milliard soʻm isteʼmolchilar foydasiga hisob-kitob qilindi

Olti oyda salkam 5 milliard soʻm isteʼmolchilar foydasiga hisob-kitob qilindi

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan ichki bozorlarda sotilayotgan tovarlarning narx-navosini asossiz oshirilishini oldini olish shuningdek, sotilayotgan tovar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati hamda narxi jamoatchilik nazorati tartibida oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan mavjud muammolar yuzasidan tegishli vakolatli davlat organlariga takliflar kiritildi.

Bundan tashqari, federatsiya tomonidan har bir tuman (shahar) kesimida alohida ishchi guruh shakllantirish orqali jamoatchilik nazorati tartibida monitoring (kuzatuv-oʻrganish) ham oʻtkazib kelinmoqda va kunlik maʼlumotlar Federatsiya markaziy apparati tomonidan umumlashtirilgan holda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasiga, Davlat soliq qoʻmitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga,shuningdek, OAVlarga taqdim etib borilmoqda.

Shuningdek, joriy yilning yakunlangan 6 oyi davomida Federatsiya va uning hududiy tuzilmalari hamda tuman, shahar jamiyatlariga fuqaro (isteʼmolchi)lardan jami 3820ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarning 2256 tasi ogʻzaki, 856 tasi yozma, 708tasi esa elektron shaklda yuborilgan.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyaga kelib tushgan 708 ta elektron murojaatning 606 tasi “Prezidentga murojaat portali”, 97tasi yagona Davlat interaktiv portali orqali Bosh prokuratura tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun yoʻllangan.

Mazkur ariza va shikoyatlarning 3289 tasi yaʼni, 86,5 % ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 4 659 567 880 (toʻrt milliard olti yuz ellik toʻqqiz million besh yuz oltmish yetti ming sakkiz yuz sakson) soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Federatsiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan, isteʼmolchilardan tushgan 13 ta murojaat asosida isteʼmolchilarning manfaatlarini koʻzlab sud organlariga daʼvo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 170 944 266 (bir yuz yetmish million toʻqqiz yuz qirq toʻrt ming ikki yuz oltmish olti) soʻm moddiy va maʼnaviy zararlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Bundan tashqari, Federatsiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan, isteʼmolchilardan tushgan jami 22 ta murojaat yuzasidan ularning qonuniy manfaatlarini koʻzlab, nazorat organlariga tegishli murojaatlar yoʻllanib, ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga 11 065 000 (oʻn bir million oltmish besh ming) soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi

2020-yilning 2-choragi davomida Federatsiya va uning hududiy boʻlinmalariga fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarning 1761 tasi (46,1%)savdo sohasiga, 309 tasi (8,1%) gaz taʼminoti sohasiga, 429 tasi (11,2%) elektr taʼminoti sohasiga, 182 tasi (4,8%) suv taʼminoti sohasiga, 155 tasi (4,1%) kommunal xizmat sohasiga, 37 tasi (1,0%) sogʻliqni saqlash sohasiga, 186 tasi (4,9%) xizmat koʻrsatish (servis) sohasiga, 65 tasi (1,7%) transport sohasiga, 139 tasi (3,6%) aloqa (va internet) sohasiga, 724 tasi (19,0%) esa boshqa sohalarga toʻgʻri kelishini koʻrishimiz mumkin.

Federatsiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga fuqarolar tomonidan hisobot davrida jami 1323 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib ushbu murojaatlarning qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi natijasida 1276 tasi ijobiy hal etilishiga erishildi.

Mazkur ijobiy hal qilingan murojaatlar natijasida 1 938 995 749 (bir milliard toʻqqiz yuz oʻttiz sakkiz million toʻqqiz yuz toʻqson besh ming yetti yuz qirq toʻqqiz) soʻm mablagʻ isteʼmolchilar foydasiga undirilgan.

Bugungi kunda fuqarolarimizga yana-da qulaylik yaratish maqsadida ularning tegishli murojaatlari Federatsiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni, Federatsiyaning virtual qabulxonasi, Bosh prokuraturaning elektron dasturi (crm.trask.uz) hamda Prezidentga murojaat portali orqali qabul qilib kelinmoqda. Bunda fuqaro (isteʼmolchi)lar real vaqt rejimida murojaatlarini qoldirishlari mumkin.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar
huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi
Matbuot xizmati

13 828
O'zA