O‘zA O`zbek

14.05.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzsanoatqurilishbank OPEK Xalqaro rivojlanish fondi bilan kredit bitimini imzoladi

Oʻzsanoatqurilishbank OPEK Xalqaro rivojlanish fondi bilan kredit bitimini imzoladi

Oʻzsanoatqurilishbank OPEK Xalqaro rivojlanish fondi (OFID)bilan 20 mln. AQSH dollariga teng kredit bitimini imzoladi. Hujjat Oʻzbekistondagi mahalliy korxonalarning savdo boʻyicha moliyalashtirishga boʻlgan ehtiyojini qoplashga yoʻnaltiriladi.

Kredit Oʻzsanoatqurilishbankning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy xizmatlar koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa iqtisodiy oʻsish va yangi ish oʻrinlarini yaratishning muhim omili hisoblanadi.

OFIDʼdan oʻzlashtirilgan mablagʻlar Bank tomonidan qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, qurilish va toʻqimachilik sanoati kabi iqtisodiyotning turli sohalaridagi subqarzdorlarga savdoni moliyalashtirish boʻyicha taqdim etiladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirib, xususiy sektorga investitsiyalar jalb qilishni ragʻbatlantirmoqda. Xalqaro rivojlanish fondi ham Oʻzsanoatqurilishbankning 23 mingdan ziyod mijozlari bazasidan foydalanib, moliya muassasasining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlar portfelini kengaytirishga koʻmaklashishni maqsad qildi.

– OFIDOʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni anchadan beri qoʻllab-quvvatlamoqda, – dedi OFID Bosh direktori Abdulxamid Alxalifa. –Ammo mazkur hujjat bank bilan savdoni moliyalashtirishga oid ilk bitimimiz boʻlib, u xususiy sektorni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishga yaxshi misol boʻla oladi. Biz har qanday iqtisodiyotning hayotiy muhim jabhasi – kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashdan mamnunmiz. Oʻzbekistonga BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsish hamda bandlikni taʼminlashga koʻmaklashishga qaratilgan maqsadiga koʻmaklashishga tayyormiz.

Taʼkidlash joiz, OFID va Oʻzbekiston yigirma yildan ziyodroq vaqt mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha hamkorlik qilib keladi.

Bank Axborot xizmati

9 659
O'zA