O‘zA O`zbek

22.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati: loyihalar ketma-ket sanoat korxonalariga aylanmoqda

Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati: loyihalar ketma-ket sanoat korxonalariga aylanmoqda Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan qurilish sanoatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli mamlakatimiz hududlarida koʻplab qurilish materiallarini ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar foydalanishga topshirildi. Bunday yangilar aholi bandligini taʼminlash, xalqimizning ushbu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlariga yangi ishlab chiqarish korxonalari tomonidan munosib hissa qoʻshish imkonini bermoqda.

Jumladan, joriy yilning 12 yanvar kuni Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Gʻozgʻon” qishlogʻida “Marmarobod” davlat unitar korxonasi foydalanishga topshirildi.U granit bloklari, plitalari va granitdan turli buyumlar (yoʻl va trotuar bordyurlari, yirik hajmdagi plitalar (slyablar), bruschatkalar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Ayniqsa, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda yaqinda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar barcha sohalar kabi qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish uchun ham dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston boshqa noruda xomashyolari bilan birga tabiiy pardozbop toshlarning ulkan zahiralariga ega hudud hisoblanadi. Xususan, Navoiy viloyati Nurota tumanidagi “Gʻozgʻon” tabiiy pardozbop toshlari jahonga mashhurligini alohida eʼtirof etish joiz.

“Gʻozgʻon” nomi bilan dunyoga dong taratgan tabiiy pardozbop toshlarining sifati va rangini koʻpchilik soha mutaxassislari va isteʼmolchilar yaxshi biladi. Shu maʼnoda aytish joizki, toshlarni qayta ishlash boʻyicha mamlakatimiz ming yillik tarixiga ega. Ixtisoslashgan maxsus yirik sanoat korxonalarida toshlarni qazib olish va qayta ishlash yurtimizda 1960 yillardan boshlangan. Bugungi kunda bu soha rivoj topib, oʻz yangi quvvatlarini yaratayotgani yanada ahamiyatlidir.

Mazkur ishlar izchilligini taʼminlashda davlatimiz rahbarining 2018 yil 26 dekabrdagi “Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim huquqiy asos boʻlib, mamlakatimizda noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalarini foydalanishga berishning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va iqtisodiyotning noruda xomashyo bazasini rivojlantirish boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirilishiga keng yoʻl ochib berdi.

Hozir yurtimizdagi soha korxonalari tabiiy tosh qoplama buyumlar, marmar, granit va travertin bloklari, shagʻal, qum, chaqiq tosh, xarsangtoshlar, shisha, sopol, fosfor, chinni buyumlari sanoati uchun xomashyo – dala shpati va dolomit toshlari, pardozbop mayda toshlar va marmar xarsanglari, tabiiy tosh naqshbop (mozaika), polbop va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarmoqda.

Respublikamizning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmogʻi soʻnggi ikki yilda jadal rivojlanib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan 120 turdagi mahsulotlar turi 180 taga yetkazildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 152 ta tabiiy pardozbop toshlar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yiliga 700 ming kub metr tosh qazib olinmoqda hamda 6650 ming kvadrat metr tabiiy pardozbop toshlar plitalari ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari hajmining keskin oshganligi, tabiiy pardozbop toshlarga boʻlgan talabning ham koʻpayishiga olib keldi. Mavjud talabni qondirish boʻyicha hozirgi kunda yangi quvvatlarni ishga tushirish choralari koʻrilmoqda.

– Davlatimiz rahbarining 2017 yilning 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Nurota tumanida pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan yirik davlat korxonasini tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi, – dedi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boʻyicha oʻrinbosari Baxtiyor Boboqulov – Farmoyishga koʻra, Navoiy viloyati hokimligi taʼsischiligi va “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati kafolati ostida “Marmar obod” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Oʻtgan davrda korxonaga “Gʻozgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan

6 gektar yer maydoni ajratilib, uning atrofiga devor tiklandi, maʼmuriy va ishlab chiqarish, yordamchi bino va inshootlar qurildi. Xitoydan zamonaviy texnologik uskunalar sotib olinib, oʻrnatildi. Albatta, bunday yangiliklar xalqimiz farovon hayotini taʼminlash yoʻlidagi yana bir ezgu amaldir.

Hukumat qaroriga asosan korxonaning loyihalash va qurilish ishlari parallel ravishda olib borilganligi va texnologik uskunalar, pudrat ishlari tender savdolarisiz amalga oshirilganligi, jami 9,7 milliard soʻmlik mablagʻlar hisobiga qisqa muddatda yiliga 24 ming metr kvadrat plita va 20 ming metr kub blok toshlar ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik sanoat korxonasining qurilishi yakunlandi.

Korxonaning xomashyo bazasi Nurota va Xatirchi tumanlarida joylashgan. Birgina “Qurasoy” konidagi granit zahiralari 1000 ming metr kubni tashkil etadi. “Qurasoy” graniti nafaqat respublikamiz, balki xorij bozorida ham oʻz xaridorlariga ega.

Korxonada ishlab chiqariladigan granit bloklari va buyumlarining aksariyat qismini Markaziy Osiyo, mustaqil davlatlar hamdoʻstligi va boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilish koʻzda tutilmoqda.

Korxonaning kelajakdagi xomashyo zahiralariga boʻlgan talabini toʻliq qondirishni taʼminlash uchun “Marmar obod” davlat unitar korxonasi tomonidan vakolatli davlat idoralaridan Nurota tumanidagi “Pashot-Gʻazgʻon”, “Pargot-2” granit uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganishga litsenziyalar olingan.

– Eʼtiborli jihati, ushbu zamonaviy sanoat ishlab chiqarish korxonasining qisqa muddatda foydalanishga topshirilishi nurotalik 26 nafar fuqaroni muqim ish bilan taʼminladi, – dedi “Marmarobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Abdurashid Sobirov. – Shu bilan birga, yangi quvvat Nurota tumani, Navoiy viloyati, balki mamlakatimiz byudjetiga tushumlar miqdoriga salmoqli hissa qoʻshadi. Mahsulot va ish sifatida texnologik quvvatlar muhim ahamiyatga ega. Bu korxonaga texnik asbob-uskunalar Xitoy davlatining “Xiamen easternPegasus LTD“ kompaniyasidan sotib olinganligi hamda ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari yordami bilan oʻrnatilganligi ularning sifatli ishlashida muhim omildir.

Ayniqsa, Navoiy viloyati hokimligi va “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasida “Marmar obod” davlat unitar korxonasining davlat ulushi (mulki)ni ishonchli boshqarish shartnomasi tuzilganligi hamda boshqaruv “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatiga berilganligi, korxonadagi qurilish-montaj jarayonlarida soha mutaxassislarining bevosita ishtirokini taʼminladi.

Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish kerakki, Oʻzbekiston yaqin besh yillik istiqbolda yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobiga granit bloklari va buyumlari importini bir necha barobarga qisqartirishni rejalashtirgan. Jumladan, 2019 yilning may oyiga qadar Navoiy viloyatining Nurota hamda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanlarida granit bloklarini qazib olish, granit plitalari ishlab chiqarish va granitdan turli buyumlar ishlab chiqarish boʻyicha ikkita yirik korxonalar ishga tushiriladi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tashabbuskorlar tomonidan Italiyaning “Breton S.p.A.”, “Pellegrini S.p.A.”, “Marmomeccanica S.p.A.” va “Pedrini S.p.A.”, shuningdek, Turkiya va Xitoy Xalq Respublikasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining texnologik uskunalaridan foydalaniladi. Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 4 million dollardan ziyod mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mazkur loyihaning ishga tushirilishi, davlatimiz rahbari tomonidan jadallik bilan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning sohadagi yana bir samarali natijalaridan biri deyish mumkin. “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da ishga tushirilgan ushbu yangi korxonada ishlab chiqarilgan pardozbop qurilish materiali boʻlgan tosh mahsulotlari, birinchi navbatda Nurota tumani, Navoiy viloyati va respublikamiz hamda qoʻshni davlatlarda bunyod etiladigan zamonaviy ijtimoiy soha obyektlari, noturar joylar hamda aholi uchun shinam va qulay turar joylarning sifatli qurilishiga, balki hududning eksport salohiyati kengayishiga xizmat qilishiga shubha yoʻq.

photo5348095652552354327.jpg

photo5348095652552354330.jpg

photo5348095652552354332.jpg

photo5348095652552354333.jpg


7 440
Nasiba Ziyodullayeva, Asqar Yoqubov (surat), OʻzA