O‘zA O`zbek

05.09.2018 15:30 Chop etish versiyasi

Oʻzi achchiq, daromadi shirin

Oʻzi achchiq, daromadi shirin
Surxondaryo viloyatida joriy yilda 146ta fermer xoʻjaligi 165 gektardan ortiq maydonda achchiq qalampir parvarishlab, moʻl hosil yetishtirdi.

Mutaxassislarning fikricha, achchiq qalampir serdaromad soha, yer tanlamaydi, koʻp mehnat talab qilmaydi. Xorij tajribasi asosida vaqtida suv berib, oziqlantirib borilsa, gektaridan 20 tonnagacha hosil olish mumkin. Eng muhimi, jahon bozorida xaridorgir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-yanvardagi “Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu yil viloyatda ilk marta achchiq qalampir keng maydonlarda parvarishlanmoqda. Uzun tumanida ikki fermer xoʻjaligi 32 gektar, Oltinsoy tumanida oʻttizdan ortiq fermer xoʻjaligi 22 gektar, Denov tumanida 23 fermer xoʻjaligi 20 gektar maydonda achchiq qalampir yetishtirdi.

4.jpg

Termiz tumanida yigirma uchta fermer xoʻjaligi 23 gektar maydonda mahalliy “Margʻilon” va xorijning “Kayan” navli qalampirlarini parvarishlamoqda. Ikki gektar yerda achchiq qalampir yetishtirgan “Gʻafur Gʻulom” fermer xoʻjaligi dehqonlari dastlabki yildayoq nihollarni mavjud agrotexnik usullar asosida parvarishlab, moʻl hosil toʻpladi.

– Koʻchatni bahorda ekkan edik, – deydi tajribali fermer B.Omanturdiyev. – Hozirgacha sakkiz marta suv berib, ikki marta oziqlantirdik. Baravj rivojlangan achchiq qalampir hosili pishib yetilmoqda. Uni chet elga eksport qilishga hozirlik koʻrayapmiz.

Viloyatning Jarqoʻrgʻon, Shoʻrchi, Muzrabot, Qumqoʻrgʻon kabi tumanlarida ham achchiq qalampirdan yaxshigina qoʻshimcha daromad olish moʻljallanmoqda.

X.Mamatrayimov, J.Qoʻzimurodov (surat), OʻzA
3 583