O‘zA O`zbek

28.04.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekneftgaz“: Qashqadaryoda yana bir zavod barpo etilmoqda

“Oʻzbekneftgaz“: Qashqadaryoda yana bir zavod barpo etilmoqda

Qashqadaryoda ekologik toza dizel yoqilgʻisi, avia kerosin, suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan zavod qurilmoqda, deb maʼlum qildi “Oʻzbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

“Oʻzbekneftegaz” AJning Investitsiya loyihalarni amalga oshirish departamenti maʼlumotiga asosan “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasining tozalangan metani asosida suyultirilgan sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsion loyihasi — “Uzbekistan GTL” korxonasi qurilishi amalga oshirilmoqda.

Loyiha boʻyicha tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza yoqilgʻiga mavjud boʻlgan talabni qondirish, bozorni mahalliy xomashyodan ishlab chiqariladigan strategik mahsulotlar bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Umumiy narxi 3.6 milliard AQSH dollariga yaqin boʻlgan loyiha davlat kafolati ostidagi Janubiy Koreya va Xitoy davlatlarining xalqaro moliya institutlari va moliya tashkilotlari, xorijiy tijorat banklari kredit mablagʻlari, “Tiklanish va taraqqiyot” jamgʻarmasi hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ mablagʻlari evaziga moliyalashtirilmoqda.

Loyiha doirasida ushbu zavod yiliga jami 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza boʻlgan sintetik yoqilgʻi ishlab chiqaradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 307,3 ming tonna avia kerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish jadvaliga muvofiq, iyun-iyul oylarida elektr energiyasi va xomashyo suv, yoqilgʻi gaz yetkazish ishlari boshlanishi bilan yongʻinga qarshi tizimda ishga tushirish ishlari amalga oshiriladi (iyul), havo va katta bosimli bugʻ ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi hamda zavod ichkarisidagi podstansiyada, bugʻ turbinali generatorlarda (oktyabr), kanalizatsiya suvlarini biologik tozalash uskunasida ishlar yakunlanadi (noyabr).

Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSH) kabi kompaniyalarning texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan boʻlib, bu yerda 808 yangi ish oʻrni yaratiladi.

Bu yerda ishlaydigan mutaxassislar hozirda “Shoʻrtan”, “Ustyurt” gaz kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda Qatar davlatidagi ishlab chiqarish zavodlarida ish oʻrganishmoqda.

Bugungi kunda loyiha doirasida YERC shartnomasi 86 foizdan ziyodga bajarilgan boʻlib, qurilish maydoniga 9 ming nafardan ortiq mutaxassis va ishchilar, 900 dan ortiq qurilish va maxsus texnika jalb etildi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu loyiha doirasida qurilish-montaj ishlarini joriy yilning dekabr oyiga qadar tugatish rejalashtirilgan.

14 182
OʻzA