O‘zA O`zbek

26.08.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonning tashqi va ichki qarzlari haqida maʼlum qilindi

Oʻzbekistonning tashqi va ichki qarzlari haqida maʼlum qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida mamlakat moliya vaziri Timur Ishmetov Davlat byudjetining 2020-yil 6 oylik ijrosi yuzasidan hisobot berdi. Unda Oʻzbekistonning tashqi va ichki qarzlari haqida ham maʼlumotlar aytildi.

Hisobotda keltirilishicha, 2020-yilning 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekiston Hukumati nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz mablagʻlari qoldigʻi 19,6 milliard AQSH dollari ekvivalentini tashkil etgan. Xususan, davlat tashqi qarzi 17,3 milliard AQSH dollariga yetgan. Davlat ichki qarzi esa 2020-yil 1-yanvar holatiga nisbatan 0,3 milliard AQSH dollariga oshib, 2,3 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.

Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash hamda Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasini moliyalashtirish uchun joriy yilning oʻtgan 6 oyida 1 milliondan ziyod AQSH dollariga teng mablagʻlar jalb qilindi. Jahon banki tomonidan Islohotlarni qoʻllab-quvvatlash loyihasi (2-transh) yuzasidan qoʻshimcha moliyalashtirish sifatida 200 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit 30 yil muddatga ajratildi.

Mazkur kreditning foiz toʻlovlari yilda ikki marta (15-iyun va 15-dekabr) amalga oshirilib, joriy yilda 2,1 million AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Asosiy qarz toʻlovlari imtiyozli davr tugagandan keyin 2025-yildan kreditning asosiy qismini soʻndirish boshlanadi hamda har yili 8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan respublika iqtisodiyotiga koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida 375 million AQSH dollari ekvivalentida kredit mablagʻlari ajratildi. Imtiyozli kreditlar oʻz ichiga 10 yil muddatga (shundan, 5 yil imtiyozli davr) 125 million AQSH dollari ekvivalentiga teng foizsiz tezkor kreditlash liniyasi va 5 yil muddatga (shundan 3 yil imtiyozli davr) 250 million AQSH dollari ekvivalenti 1,05 foiz oʻzgaruvchan stavkadagi tezkor moliyalashtirish instrumentini oladi. 10 yillik kredit boʻyicha foiz toʻlovlari amalga oshirilmaydi. Asosiy qarz toʻlovlari yilda ikki marta imtiyozli davr tugagandan keyin, 2025-yildan soʻndirish boshlanadi hamda yillik 18,4 million SDR yoki 25,6 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 500 million AQSH dollari miqdoridagi byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kredit 15 yilga (shundan, 3 yil imtiyozli ) oʻzgaruvchan stavkada (6 oylik libor + 0,5 foiz) ajratildi. Bugungi kunda jami oʻrtacha yillik foiz stavkasi -0,9 foiz tashkil etmoqda. Ushbu kreditning foiz toʻlovlari yilda ikki marta (15-aprel va 15-oktyabr) amalga oshirilib, joriy yilda 1,2 million AQSH dollarini (2020-yilda toʻlov bir marta boʻlishi hisobiga) tashkil etishi kutilmokda. Asosiy qarz toʻlovlari imtiyozli davr tugagandan keyin, 2023-yildan boshlanadi hamda har yili 41,7 million AQSH dollarini tashkil etadi.

24 114
OʻzA