Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 15:34 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonning oziq-ovqat sanoati salohiyati Moskvada namoyish etildi

Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “World Food Moscow – 2017” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasida mamlakatimiz kompaniya va korxonalari munosib ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada MDH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Eron kabi 60 ga yaqin davlatdan 2 mingdan ziyod firma va kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlarini namoyish etdi. E’tiborlisi, bu kabi xalqaro ko‘rgazmalarda o‘zbekistonlik tadbirkorlar taklif qilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va zamonaviy dizayni bilan xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

“World Food Moscow – 2017” xalqaro ko‘rgazmasi ham yurtimiz ne’matlarini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tadbirkorlarimizning ushbu ko‘rgazmada ishlab chiqarish salohiyatini namoyish etishi, xorijiy kompaniya va firmalar bilan istiqbolli shartnomalar tuzishiga ko‘maklashdi.

Jamg‘armadan ma’lum qilishicha, forumda O‘zbekiston milliy stendi ko‘rgazma ishtirokchilari bilan gavjum bo‘ldi. Unda quritilgan meva-sabzavot, qandolat mahsulotlari, shifobaxsh choylar, dorivor o‘simliklar, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid texnika va texnologiyalar namoyish etildi. Ishbilarmonlarimiz xorijlik hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Qariyb 10 million dollarlik eksport shartnomalarini imzolashga erishildi.

Ko‘rgazma doirasida eng yaxshi mahsulotlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Mehrigiyo” kichik korxonasida ishlab chiqarilgan “Polzor” – “Garmoniya” balzami, “Orientmax Trade” MChJ korxonasining “Gold finchuza” va “Saodat” nomli kraxmalli finchuza mahsulotlari “Yil mahsuloti – 2017” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilib, oltin medal bilan taqdirlandi.

– Mazkur ko‘rgazmada o‘tgan yili ham ishtirok etgan edik, – deydi Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Mehrigiyo” kichik korxonasi rahbari Ma’rufjon Qodirov. – Buning samarasida ishlab chiqarish faoliyatimizni kengaytirdik. Bu yilgi forum ham biz uchun samarali bo‘ldi. Yangi turdagi shifobaxsh mahsulotimiz eksporti bo‘yicha shartnoma tuzdik.

“World Food Moscow – 2017” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati salohiyatini yuksaltirish va eksport qilinayotgan mahsulotlarimiz hajmini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
850






Все о погоде - Pogoda.uz