O‘zbekistonlik tadbirkorlar “Food Moscow – 2016” xalqaro ko‘rgazmasida ikki million dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolashga erishdi
Joriy yilning 12-15-sentabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida “Food Moscow – 2016” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi.
Joriy yilning 12-15-sentabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida “Food Moscow – 2016” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida mamlakatimizning eksport salohiyati yuksalib bormoqda. “Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar jahon bozorida keng o‘rin egallamoqda.
Bu jarayonda Islom Karimovning 2013-yil 8-avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi muhim rol o‘ynamoqda. Jamg‘arma ishlab chiqaruvchilarning chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro yarmarkalar, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishi, xaridorlar topishi va shartnomalar tuzishiga, eksport jo‘g‘rofiyasini kengaytirishga ko‘maklashmoqda.
O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. So‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi. Oziq-ovqat tovarlarini aholiga uzluksiz yetkazib berish, sifati va xavfsizligini ta’minlashga erishilmoqda. Misol uchun, 1990-yilda aholining oziq-ovqat, xususan, go‘sht, sut, qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji asosan import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi yurtimizda yetishtirilmoqda.
Ishbilarmonlarimizning turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalardagi faol ishtiroki mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. “World Food Moscow” ko‘rgazmasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
“World Food Moscow” xalqaro ko‘rgazmasida AQSh, Xitoy, Misr, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Argentina, Niderlandiya, Italiya, Ispaniya, Hindiston, Armaniston, Eron kabi dunyoning yetmishga yaqin mamlakatidan yuzlab firma va kompaniyalar ishtirok etdi. Mazkur forumda oziq-ovqat mahsulotlari, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid eng so‘nggi yutuqlar namoyish etildi. Meva va sabzavotlar, go‘sht, sut, dengiz, qandolat va non mahsulotlari, texnika va texnologiyalar kabi yo‘nalishlarga oid o‘nlab bo‘limlar ishladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning oziq-ovqat sohasida ish yurituvchi “Euro Food Trade”, “Tasty Production”, “Green Agro Invest”, “Samo-Produkt”, “Mehrigiyo”, “Livadiya-Buxoro” kabi o‘nga yaqin xususiy kompaniyasi o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi. Ko‘rgazma ishtirokchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.
Xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning firma va kompaniyalari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Tadbirkorlarimiz tomonidan jami ikki million dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar faoliyatimiz rivojida muhim omil bo‘layotir, – dedi “Mehrigiyo” kichik korxonasi rahbari Hojiakbar Abdurazzoqov (Farg‘ona viloyati). – 1992-yilda tashkil etilgan korxonamiz shifobaxsh asal mahsulotlari va o‘simliklardan tabiiy, shifobaxsh choylar tayyorlashga ixtisoslashgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida turli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda qatnashib, mahsulotlarimizni eksport qilmoqdamiz. “World Food Moscow – 2016” xalqaro ko‘rgazmasi biz, tadbirkorlar uchun samarali bo‘ldi. Unda ko‘plab kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdik, qator bitimlar imzoladik.
“World Food Moscow – 2016” mamlakatimiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xizmatlarini xalqaro bozorlarga taklif etish, xorijiy davlatlar ishbilarmonlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘rnatish, mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, yurtimizga investitsiyalar jalb etish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro bozor talablarini o‘rganish imkonini berdi. Uning doirasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar eksport hajmini oshirish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.