O‘zA O`zbek

18.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda yana bir institut tashkil etiladi

Oʻzbekistonda yana bir institut tashkil etiladi

Prezidentimizning “ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish toʻgʻrisida“gi farmon loyihasi eʼlon qilindi.

Hujjatga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzurida Fiskal instituti tashkil etiladi.

Institut “Soliqlar va soliqqa tortish”, “Moliyaviy nazorat va audit”, “Soliq, moliya va tijorat huquqi”, “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlashni va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini taʼminlaydigan tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Belgilanishicha:

Institutni boshqarish Davlat soliq qoʻmitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi;

Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor lavozimiga yuqori malakali xorijiy mutaxassis tayinlanadi;

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi direktori Institut prorektori hisoblanadi;

Institut tuzilmasida “Soliq evolyutsiyasi muzeyi” tashkil etiladi;

Institut oʻrnatilgan tartibda stipendiya toʻlash va moddiy taʼminot belgilashni taʼminlagan holda taʼlim muddati uch yil boʻlgan bakalavrlarni va taʼlim muddati bir yil boʻlgan magistrlarni tayyorlaydi;

Institutga oʻqishga qabul Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartiblari asosida amalga oshiriladi;

2020/2021 oʻquv yilida Institutning bakalavriatiga talabalarni qabul qilish kvotasi 3-ilovaga muvofiq 420 kishi (shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha 130 kishi), magistraturasiga 26 kishi (shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha 5 kishi) etib belgilanadi;

Institutga professor-oʻqituvchilar oʻquv-uslubiy va ilmiy faoliyati boʻyicha vaqt meʼyorlarini, shuningdek, ular uchun cheklangan oʻquv yuklamasini mustaqil belgilash huquqi beriladi.

Institut tuzilmasida Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universitetining boʻlinmasi (fakulteti) tashkil etiladi va uning moddiy-texnik taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Institutda davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalarga oʻqishni tamomlaganidan soʻng, davlat soliq xizmati organlarida kamida besh yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

4 889
OʻzA