O‘zA O`zbek

22.07.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda “Isteʼmol savatchasi“ qachon joriy etiladi?

Oʻzbekistonda “Isteʼmol savatchasi“ qachon joriy etiladi?

Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga qadar ijtimoiy iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, iqtisodiy oʻsish surʼati oʻrtacha 6,4, kapital qoʻyilmalar 9,9, eksport 9,6 foizni tashkil etishi, ishsizlik darajasi 9,3 dan 5,2 foizga va inflyatsiya 14,4 dan 4,3 foizga pasayishi kutilmoqda. Bundan tashqari, 2030-yilda kishi boshiga yalpi ichki mahsulot 4500 AQSH dollarini tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, shuningdek, “Isteʼmol savatchasi“ hisobi hamda “Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor” mavzuidagi matbuot anjumanida batafsil maʼlumot berildi.

Dastlab “Isteʼmol savatchasi“ nima va undan qanday maqsadlarda foydalaniladi, “Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor“ni belgilashda nimalar hisobga olinadi kabi savollarga javob berildi.

Mutaxassislar fikricha, “Isteʼmol savatchasi“ – muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarning eng kam toʻplami. Albatta, barcha fuqarolar ovqatlanishi, kiyinishi, kommunal va boshqa xizmatlar haqini toʻlashi, zarur dori-darmonlarni xarid qilishi lozim. Bular “Isteʼmol savatchasi“ni butlash uchun asos hisoblanadi.

“Isteʼmol savatchasi“ eng kam ish haqi va pensiyalar, bazaviy ijtimoiy toʻlovlar, ishsizlik, bolani parvarishlash, boquvchisini yoʻqotganlik nafaqalari, stipendiyalar kabi moddiy ehtiyoj miqdorlarini belgilash uchun hisob-kitobga asos boʻlmogʻi kerak.

“Isteʼmol savatchasi“ga kiruvchi tovarlar va xizmatlar toʻplami har bir mamlakatda turlicha. Uning tarkibi davlat darajasida belgilanadi va koʻplab omillar – tabiiy-iqlim sharoitlari, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, oziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarish xususiyatlari, tovarlar, xizmatlarning haqiqatda isteʼmol qilinishi va boshqa omillarga bogʻliq boʻladi.

Anʼanaga koʻra, “Isteʼmol savatchasi“ 3 qism – oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlardan iborat. Nooziq-ovqat tovarlariga kiyim-kechak, poyabzal, birinchi navbatda zarur boʻlgan buyumlar, dori-darmonlar, madaniy-maishiy va xoʻjalik uchun moʻljallangan tovarlar va hokazolar kiradi. Xizmatlar roʻyxatidan esa kommunal, transport xizmatlari, madaniy-maʼrifiy jabhalar oʻrin oladi.

Odatda “Isteʼmol savatchasi“ aholining 3 ta asosiy ijtimoiy-demografik guruhi – mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar va bolalar uchun ishlab chiqiladi. Yaʼni aholining turli qatlamlari tirikchiligi uchun zarur eng kam miqdorni belgilashda muayyan davrda isteʼmol savatchasidagi barcha neʼmatlarni isteʼmol qilish normalarini aniqlash zarur. Masalan, oddiy fuqaro normal hayot kechirishi uchun har kuni isteʼmol qilishi kerak boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari toʻplami va miqdorini hisoblash yoki barcha kommunal xarajatlarni qoplashi uchun oyiga qancha summa zarurligi aniqlanadi.

Maʼlumki, Prezidentimizning 2018-yil 22-yanvardagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan edi.

Farmonga koʻra, respublikamizda “Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor” va “Isteʼmol savatchasi” tushunchalarini 2018-yilning 1-iyulidan huquqiy jihatdan tartibga solish belgilangan.

Biroq bugungi kungacha bu tushunchalar huquqiy jihatdan tartibga solinmadi, amaliyotga joriy etilmadi. Nega?

– “Isteʼmol savatchasi”ni joriy etish dunyo tajribasiga koʻra majburiy ravishda qilinmaydi, – dedi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xoʻjayev. – Avvalo, “xufiyona iqtisodiyot“ni kamaytirish maqsadida “Isteʼmol savatchasi” metodologiyasini ishlab chiqdik. Bugungi kunda Fargʻona va Toshkent viloyatida eksperiment tariqasida oʻrganish ishlari olib borilmoqda. “Isteʼmol savatchasi” va “Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor”ni amaliyotga joriy etish uchun tashkiliy masalalarni amalga oshirish lozim. “Isteʼmol savatchasi” va “Tirikchilik uchun zarur eng kammiqdor” amaliyotga joriy etilganidan soʻng aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrishimiz kerak.

Tadbirda vazirlik mutaxassislari tomonidan 2019-yil birinchi yarim yilligida iqtisodiy tarmoq va sohada erishilgan natijalar haqida ham maʼlumot berildi. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga oʻsdi. Oʻtgan olti oyda inflyatsiya darajasi 5,56 foizni tashkil qildi. Jumladan, oziq-ovqat 5,9, nooziq-ovqat tovarlari 5,2 va xizmatlar 5,3 foizga oshdi. Respublika boʻyicha jami 137,5 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.

3 802
Xurshid QODIROV, OʻzA