O‘zbekiston – Yaponiya biznes-forumi
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 7-avgust kuni O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 7-avgust kuni O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, neft-gaz, sayyohlik, avtomobilsozlik, konchilik, geologiya, oziq-ovqat, kimyo, yengil sanoat, to‘qimachilik, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, marketing, sug‘urta, eksport-import, aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy jabhada izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011-yilning fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan. Mamlakatimiz uchun Osiyo-Tinch okeani davlatlari bilan aloqalarni kengaytirishda Yaponiya bilan munosabatlarni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida 2002-yilda imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot o‘zaro munosabatlarning izchil rivojlanishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, biznes yuritish uchun yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlar, preferensiyalar hamda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik chet ellik biznesmenlarning, jumladan, yaponiyalik ishbilarmonlarning mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilishga qiziqishini tobora oshirmoqda.
O‘zbekiston va Yaponiyaning o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi imkoniyatlari katta. 2013-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 215 million AQSh dollaridan oshdi. Yaponiya tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan moliyaviy-texnikaviy vositalarning umumiy hajmi 2 milliard dollardan ziyoddir.
O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan o‘n ikki qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mashinasozlik, metallni qayta ishlash, transport, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, yengil sanoat va savdo operatsiyalari kabi sohalarga ixtisoslashgan. Yurtimizda ushbu mamlakatning o‘n bir yetakchi kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan.
Forumda yaponiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, neft-gaz, kimyo sanoati, elektr texnikasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi sohalardagi hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishdi. Mehmonlarga mamlakatimizga sarmoya jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlari, biznes yuritish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish omillari, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– Yaponiya O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor bilan qaraydi, – dedi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Yaponiya-O‘zbekiston qo‘mitasi raisi, «Marubeni» korporatsiyasi raisining o‘rinbosari Mamoru Sekiyama. – Chunki O‘zbekiston tez rivojlanayotgan va iqtisodiyoti barqaror davlat. Keyingi 9-yil davomida mamlakatingizda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmay kelayotgani diqqatga sazovor. Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi tobora o‘sib bormoqda. Mamlakatlarimiz ushbu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish borasida katta salohiyatga ega. Mazkur forum o‘zaro iqtisodiy hamkorligimizning yangi qirralarini kashf etish, foydali kelishuvlarga erishish va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Biznes-forumda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, jumladan, transport, bank sektori, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sayyohlik, oziq-ovqat, yengil sanoat, to‘qimachilik va yoqilg‘i-energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Anjumanda Yaponiyaning yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etgani ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir. “Marubeni”, “Itochu”, “Mitsubisi”, “JOGMEK”, “NEK”, “Toyo Injiring”, “Sodjits”, “Sumitomo” kabi kompaniyalar vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bir qator tovarlarni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Yaponiya delegatsiyasi tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi “O‘zinfoinvest” agentligi hamda Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) o‘rtasida memorandum imzolandi.