O‘zA O`zbek

24.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Xitoy transport sohasidagi hamkorlik aloqalari muhokama etildi


Toshkentda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi 6-majlisi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mahkamov va Xitoy Xalq Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Lyu Syaomin ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda ikki davlat o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 2017 yilda imzolangan xalqaro avtomobil transporti to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy ta’sir etayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ushbu bitim bajarilishini yanada rag‘batlantirish, avtomobilda yuk tashuvlari rentabelligini oshirish borasida “Toshkent – Andijon – O‘sh – Qashg‘ar” avtomobil koridori imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish muhimligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, “Irkeshtom” va “Xorgos” (XXR) chegara bojxona postlarining hafta davomida dam olish kunlarisiz faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish, paritet asosida yuk avtomobillari haydovchilariga ko‘p marotabali vizalar berish, Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston xalqaro avtomobil koridorini ochish yuzasidan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirish kabi masalalar muhokama etildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida havo transporti sohasidagi hamkorlik aloqalari ham jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va aviakompaniyalar parvozlari geografiyasini oshirish maqsadida muzokaralar o‘tkazilmoqda. Sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, joriy yilning 27 sentabr kunidan e’tiboran Xitoyning “Zhejiang Loong Airlines” aviakompaniyasi Sian shahridan Toshkentga charter reyslarni amalga oshirishni boshladi.

Fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida 2020 yilda maslahatlashuvlar o‘tkazish, aviatsiya to‘g‘risidagi kelishuvlarni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, temir yo‘l sohasida konteyner tashuvlarini rivojlantirish, yangi koridorlar ochish, tariflarning shakllantirilishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida Xitoy milliy temir yo‘l operatori, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va boshqa tegishli vazirlik, idoralar bilan hamkorlikda uchrashuv o‘tkazishga kelishib olindi.

1 078
O‘zA