O‘zA O`zbek

25.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston xavfsiz sayyohlik imijini mustahkamlamoqda

Poytaxtimizda 25 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018 yilgi faoliyati natijalari, joriy yilgi rejalari yuzasidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Mamlakatimizda sayyohlik sohasining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida 2018 yili 25 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqilib, yurtimizning turistik imijini keng targʻib qilishga qaratilgan 150 ga yaqin chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Indoneziya, Malayziya, Singapur, Isroil, Tojikiston kabi davlatlar fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qilindi. Chet elliklarni roʻyxatga olishning toʻliq elektron tizimiga oʻtildi.

Shuningdek, turizm industriyasini jadal taraqqiy ettirish maqsadida 142 mehmonxona, 192 “Wi-Fi” hududi, 29 sayyohlik axborot markazi, 462 sanitar-gigiyena shoxobchasi tashkil etildi. Turizm sinfidagi avtotransportlar soni 133 taga yetkazildi.

2018 yilning 19-21 noyabr kunlari oʻtkazilgan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi doirasida 400 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar taqdim etilib, sarmoyadorlar bilan istiqbolli sanalgan 37 shartnoma va memorandum, 86 investitsiyaviy kelishuv imzolandi.

Turizm sohasini zamonaviy kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti tashkil etildi. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan BMTning Butunjahon turizm tashkiloti oʻrtasida ushbu oliy taʼlim muassasasini xalqaro universitet sifatida tan olish hamda BMTning logotipidan foydalanish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Matbuot anjumanida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti prorektori, iqtisod fanlari doktori, professor Bahodir Toʻrayev oliy taʼlim muassasasining joriy yilgi faoliyati va rejalari haqida maʼlumot berdi. Hozirgi kunda universitetda 137 talaba turizm boshqaruvi, turizm xizmatlari va xizmatni tashkil etish yoʻnalishlarida tahsil olmoqda. Talab va taklif asosida universitetda qabul kvotasini oshirish rejalashtirilgan. Unga koʻra, 2019-2020 oʻquv yili uchun kunduzgi va sirtqi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshimcha oʻrinlar ajratiladi. Bakalavr va magistratura taʼlim bosqichlari boʻyicha yangi yoʻnalishlar ochiladi.

Anjumanda qayd etilganidek, mamlakatimizga 2018 yilda 5 milliondan ortiq sayyoh kelgan. Bu 2017 yilga nisbatan ikki baravardan ham koʻproqdir.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qosimxoʻjayevning tadbir ishtirokchilariga maʼlum qilishicha, mamlakatimizda boshqariladigan sayyohlar oqimini tashkil etish maqsadida nafaqat qoʻshni mamlakatlar, balki Turkiya, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Fransiya, Isroil, Gruziya kabi davlatlarning turizm sohasidagi kompaniya va uyushmalari bilan ham mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

– Mamlakatimiz 2019 yilda 30 dan ziyod xalqaro turizm koʻrgazmalarida ishtirok etish rejalashtirilgan, – dedi U.Qosimxoʻjayev. – Ushbu koʻrgazmalarda yurtimiz sayyohlik salohiyati va brendini keng targʻib qilish, xalqaro turistik kompaniyalar va boshqa tegishli tashkilotlar bilan Oʻzbekistonda boshqariladigan sayyohlik oqimini tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkaziladi.

Anjuman doirasida jurnalistlar qoʻmitaning 2019 yil uchun belgilangan rejalari bilan tanishtirildi. Unda 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi asosida mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, Oʻzbekistonning xavfsiz sayyohlik imijini mustahkamlash kabi qator vazifalarni amalga oshirish belgilangan.



6 585
Malohat Husanova, OʻzA