Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.12.2017 17:49 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston va Rossiya: iqtisodiy hamkorlik istiqbollari

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida 1-dekabr kuni “O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Rossiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Janubiy Ural savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar, kimyo, yengil sanoat, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, metallurgiya, energetika va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi o‘rinbosari I.Umaxanov va boshqalar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy-gumanitar hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo aloqalari faollashib, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilayotgani va istiqbolli investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasida Rossiya investitsiyalari ishtirokida tuzilgan 960 dan ortiq korxona faoliyat yuritadi. Yurtimizda ushbu mamlakatning 60 dan ziyod kompaniya va firmasi o‘z vakolatxonasiga ega. O‘z navbatida, Rossiya hududida O‘zbekiston Respublikasi sarmoyadorlari ishtirokida tashkil etilgan 570 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 3 milliard dollardan oshgan.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy kompaniyalar va sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlari himoyasi, yangi tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalarda chet ellik investorlar uchun taklif etilayotgan qulaylik va imtiyozlar yuzasidan fikr almashildi.

– O‘zbekiston ko‘plab sohalar qatori qishloq xo‘jaligida ham yuqori salohiyat va imkoniyatlarga ega, – deydi “Rostselmash” kompaniyasi vakili A.Kolesnikov. – Sohani modernizatsiya va diversifikatsiyalash hisobidan mahsulot yetishtirishda yuqori samaradorlik kuzatilmoqda. Kompaniyamiz qishloq xo‘jaligi uchun turli texnikalar ishlab chiqaradi. Kombaynlarimiz o‘tgan yillar davomida mamlakatingiz dalalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi. Tadbir davomida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashish imkoniga ega bo‘ldik.

Davra suhbati ishtirokchilari ikki davlat hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik kengayib borayotganini alohida qayd etdi. Davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuv va muloqotlari chog‘ida erishilgan kelishuv, imzolangan bitimlar bunda muhim o‘rin tutadi.

Tadbirda O‘zbekiston va Rossiya tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Majlis yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha komissiya majlisi bayonnomasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasida 2018-yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi ("Yo‘l xaritasi") imzolandi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
3 315