Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 19:28 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston temir yo‘llari: yangi loyihalar va zamonaviy xizmat

Istiqlol yillarida mamlakatimiz temiryo‘lchilari tomonidan 1 ming 100 kilometrdan ziyod po‘lat izlar yotqizildi, 4 ming kilometrlik temir yo‘l magistrallari modernizatsiya qilindi. 16 yangi temir yo‘l vokzali bunyod etildi, 49 zamonaviy elektrovoz xarid qilinib, 120 lokomotiv modernizatsiya qilindi.

Bugun temir yo‘l tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lami juda keng. Eng asosiysi, yurtimizning Sharq va G‘arbni, Janub va Shimolni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatidan unumli foydalanayotgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan bajarilayotgan ishlar milliy iqtisodiyot taraqqiyoti bardavomligi hamda aholi turmush tarzining muttasil farovonlashuviga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizda o‘tkazilgan xalqaro press-klubning navbatdagi – «O‘zbekiston temir yo‘llari: yangi loyihalar va zamonaviy xizmat» mavzuidagi sessiyasi soha mas’ullariga tarmoqda qo‘lga kiritilayotgan shu singari yutuqlar, istiqboldagi vazifalar, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi o‘rnini keng jamoatchilikka yetkazish barobarida xalq bilan ochiq-oshkora muloqot qilish, fuqarolarning sohaga oid savollariga batafsil javob qaytarish, taklif va shikoyatlarini tinglash imkoniyatini yaratib berdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari D.Dehqonov va O.Xudoyqulov, «Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li» loyihasi rahbari N.Erkinov, sog‘liqni saqlash xizmati boshlig‘i T.Matibayev hamda tarmoqning boshqa mutasaddilari jurnalistlar hamda fuqarolarning savollariga javob berdi.

Joriy yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 11 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Buxoro – Miskin yo‘nalishida yangi temir yo‘lini qurish ishlari davom etmoqda. Urganch – Xiva yo‘nalishida temiryo‘lchilar po‘lat izlarni yotqizish ishlari bilan cheklanmay elektrlashtirish bilan ham shug‘ullanmoqda. Bu yaqin istiqbolda yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari qatnovini Xorazm viloyatigacha yetkazish imkonini beradi.

Umumiy uzunligi 325 kilometrdan iborat Qarshi – Termiz yo‘nalishidagi temir izlarni elektrlashtirish ishlari ham avjida. Hozirgi paytda bu yo‘nalishning 183 kilometri to‘liq elektrlashtirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlarini bog‘lovchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yo‘nalishlar uchun 5 elektrichka modernizatsiya qilinib, vagonlarga konditsioner, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatildi.

Temiryo‘lchilar mamlakatimizdagi murakkab qurilish inshootlarini barpo etishda ham peshqadamlik qilayotir. Joriy yilda poytaxtimizning Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishmasida avtomobil yo‘l o‘tkazgichini qisqa fursatda qurib, ko‘priksozlik borasidagi ulkan mahoratini yana bir bora namoyish etgan temiryo‘lchilar hozirgi paytda Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishini kengaytirish, Sergeli yo‘nalishini bunyod etish ustida ish olib bormoqda.

Sessiyada temir yo‘l vokzallarini rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor berilayotgani qayd etildi. Xususan, hozirgi paytda Toshkent shahridagi Janubiy vokzalni qayta qurish, Xiva va Namanganda ham shu turdagi zamonaviy inshootlarni bunyod etish ishlari ketmoqda.

Temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish hajmining ortib borayotgani ko‘rsatilayotgan xizmatlarni takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan vagon kuzatuvchilarining ish faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilayotganlarga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Chipta xarid qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tatbiq etilishi natijasida bugungi kunga qadar 20 mingga yaqin yo‘lovchi chiptalarni elektron tarzda sotib olgan.

Behzod Bozorov, O‘zA
3 471






Все о погоде - Pogoda.uz