Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 20:26 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Tatariston biznes-forumi

Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonovning tashrifi doirasida 25 sentyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Tatariston ishbilarmon doiralarining qo‘shma biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda O‘zbekiston va Tataristonning tashqi savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, axborot texnologiyalari va sayyohlik sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov, Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixonov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar barcha sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.

Forumda Tataristonning 50 ga yaqin kompaniyasi vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatimizning neft-gaz, sayyohlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi salohiyati, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yaratilgan sarmoyaviy muhit va imkoniyatlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar samaralari bilan tanishdi.

Tadbirda neft-gaz, mashinasozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi sohalarida, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Tatariston kompaniyalari o‘rtasida amaliy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni bajarish yuzasidan fikr almashildi.

Biznes-forum yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, turizmni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida hamkorlik qilishga oid hujjatlar imzolandi.

Rustam Minnixonov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa idoralarda muzokaralar o‘tkazdi, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

* * *

Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonov mamlakatimizga tashrifi doirasida 24 sentyabr kuni Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildi, Buyuk Yo‘lboshchimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.

Yuqori martabali mehmon shahardagi Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini tomosha qildi. Mazkur inshootlarning har biri xalqimizning boy o‘tmish va qadimiy madaniyatga ega ekanidan dalolat berishini qayd etdi.

Imom Buxoriy majmuasi ziyorati Tatariston Prezidenti uchun Samarqandga tashrifning muhim voqealaridan biri bo‘ldi.

Dunyoga mashhur Siyob dehqon bozoridagi to‘kin-sochinlik, sharqona savdo madaniyati ham tataristonlik mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Prezidenti Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan tatar millatiga mansub yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi, Tatariston san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qildi.

Matnazar Elmurodov, G‘olib Hasanov, O‘zA
1 843






Все о погоде - Pogoda.uz