O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Shveysariya biznes forumi

Oʻzbekiston – Shveysariya biznes forumi

Toshkent shahrida 23-oktyabr kuni Oʻzbekiston – Shveysariya biznes forumi boʻlib oʻtdi. Unda oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, Shveysariya kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov shveysariyalik ishbilarmonlarni mamlakatimizda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalarda olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

Shveysariya va MDH mamlakatlari Savdo palatalari ittifoqi prezidenti Gay Mettan, Jeneva savdo va xizmat koʻrsatish palatasi bosh direktori Vinsent Subilia Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishning ijobiy surʼatlari kuzatilayotgani, bu jarayon ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalari rivojida muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi.

2018-yilda mamlakatlarimizning oʻzaro savdo aylanmasi 169,63 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bugungi kunda yurtimizda Shveysariya sarmoyasi ishtirokidagi 80 dan ziyod kompaniya mavjud. Ular farmatsevtika, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat sanoati, sayyohlik sohalarida xizmat koʻrsatadi.

Biznes-forumda Shveysariyaning bank xizmatlari, savdo, logistika, arxitektura, sogʻliqni saqlash sohalariga taalluqli kompaniyalari vakillari oʻzbekistonlik ishbilarmonlar bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida “B2B” shaklida muzokaralar tashkil etildi.

1 105
M.HUSANOVA, OʻzA