Oʻzbekiston – Rossiya savdo aylanmasi yangi bosqichga chiqadi
Toshkentda “Agro, oziq-ovqat sanoati va xalq isteʼmol mahsulotlari” birinchi Oʻzbekiston – Rossiya xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
Toshkentda “Agro, oziq-ovqat sanoati va xalq isteʼmol mahsulotlari” birinchi Oʻzbekiston – Rossiya xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
OʻzA muxbiri koʻrgazma qatnashchilari bilan suhbatda boʻlib, ulardan ayrimlarining fikrlarini yozib oldi.
Mixail FAYUSTOV, Rossiyaning Ryazan shahridagi “SKS” kompaniyasi direktorii:
– Kompaniyamizga 1997 yilda asos solingan. Asosan chorva mollari uchun yorliqlar, chiplar, zootexnikaga oid tovarlar, lazerli markalar ishlab chiqaramiz. Oʻzbekistonda chorvachilik yaxshi rivojlangan. Shu bois koʻplab yangi hamkorlar, doʻstlar orttirayapmiz. Ular kompaniyamiz faoliyatiga, mahsulotlarimizga qiziqish bildirmoqda. Kelgusida ular bilan ishlash niyatidamiz.
Enver XALILOV, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona brokerlar uyushmasi raisi oʻrinbosari:
– Mamlakatimizda 600ga yaqin brokerlik tashkiloti faoliyat koʻrsatadi. Uyushmamiz 80dan ortiq firmani oʻzida birlashtirgan. Biz tadbirkorlar mahsulotlarini eksport qilish jarayonida bojxona xizmati talablariga doir hujjatlar bilan ishlash boʻyicha xizmatlarni amalga oshiramiz, transport-logistika masalalarida ham tadbirkorlarga koʻmak beramiz. Tadbirkorlar uchun oʻquv-seminarlar ham tashkil qilamiz. Xalqaro munosabatlarni kengaytirish harakatidamiz. Ayni kunga qadar Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonda faoliyat yuritayotgan uyushmalar bilan aloqa oʻrnatishga erishdik.
Orif ShERMUHAMMEDOV, yakka tartibdagi hunarmand:
– Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doir farmoniga asosan biz – yakka tartibdagi tadbirkorlarga katta qulayliklar yaratildi. Bu imkoniyat sabab “Toshkent” savdo markazidan joy olib, teridan erkak va ayollar paltolari, bosh kiyimlarini tikayapmiz. Koʻrgazmada ishtirok etishdan maqsad – mahsulotlarimizni eksportga yoʻnaltirishga erishish.
Irina KOLESNIKOVA, Chuvash Respublikasidagi “Zdorovaya Yeda” masʼuliyati cheklangan jamiyat ijrochi direktori:
– Quritilgan mevalar, foydali giyohlardan tayyorlangan choylar, tez tayyor boʻladigan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Ularga Rossiya va MDH mamlakatlarida talab ortmoqda. Endi Oʻzbekistondan ham hamkorlar, mahsulotlarimizga xaridorlar topishga bel bogʻladik.