O‘zA O`zbek

26.10.2015 19:42:11 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining shu yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida belgilab berilgan 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar jahon iqtisodiy inqirozi davom etayotgan sharoitda joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida mamlakatimizda mustahkam iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi.

Shu yilning boshida qabul qilingan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining ijrosi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur dastur xususiy mulkni ishonchli himoya qilish, iqtisodiyotda uning ulushi va ahamiyatini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya iste’moli hajmini kamaytirish hamda energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan yettita o‘zaro bog‘liq strategik dasturiy hujjatni o‘z ichiga olgan.

I. Yetakchi sanoat tarmoqlarini tarkibiy o‘zgartirishni kengaytirish va chuqurlashtirish, modernizatsiya qilish va faol diversifikatsiyalash hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash

Joriy yil 9 oyi yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmi 2014-yilning shu davriga nisbatan 8 foiz, sanoat mahsulotlari 7,3 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,6 foiz, chakana savdo aylanmasi 15 va xizmatlar hajmi 12,9 foiz o‘sdi.

Bunda mamlakat tashqi savdo aylanmasining 217,8 million dollarlik ijobiy saldosi ta’minlandi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarildi. Soliq yuki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 16,8 foizdan 16,6 foizgacha izchil kamayishiga erishildi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida banklar umumiy kapitalini 23,9 foiz va ularning aktivlarini 27,4 foiz oshirish bo‘yicha ijobiy o‘sish sur’atlari saqlandi. Buning samarasida mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi eng kam xalqaro standartlardan 3 barobar oshadigan me’yorga mos keladi, bank tizimining likvidlik darajasi esa eng kam talablardan 2 barobar ortiqdir.

Joriy yil boshidan buyon Markaziy bank tomonidan qayta moliyalash stavkasining 10 foizdan 9 foizga tushirilishi tijorat banklarining iqtisodiyot real sektoriga kredit ajratish hajmini 30,1 foiz ko‘paytirish imkonini berdi. Bunda, umumiy kreditlarning 79,7 foizini investitsiya maqsadlari uchun uzoq muddatli kreditlar tashkil qildi.

Ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yuqori texnologiyali muhim ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirishni tezlashtirish, shuningdek, hududlar sanoat salohiyatini mustahkamlash, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi samarasida joriy yilning to‘qqiz oyida o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 28,5 trillion so‘mni tashkil qildi va 2014-yilning shu davriga nisbatan 9,9 foiz oshdi.

Investitsiyaviy faollikning o‘sishi hamda montaj va maxsus qurilish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish, qurilish tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, joriy yil boshidan buyon qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida 9,3 mingdan ziyod yakka tartibdagi uy-joylarni foydalanishga topshirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar qurilish ishlari hajmini 18,7 foiz oshirish imkonini berdi.

O‘zbekiston Respublikasini 2015-yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2014-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar

O‘sish sur’atlari

Yalpi ichki mahsulot

108,0

Sanoat mahsulotlari

107,3

Iste’mol tovarlari

110,1

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari

106,6

O‘zlashtirilgan investitsiya hajmi

109,9

Qurilish ishlari

118,7

Chakana savdo aylanmasi

115,0

Pullik xizmatlar

110,4

Jami xizmatlar

112,9


O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 2,4 milliard dollari yoki 21,1 foizini xorijiy investitsiya va kreditlar (o‘sish 11 foiz), jumladan, 1,8 milliard dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (o‘sish 7,4 foiz) tashkil qildi. Iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 514 million dollardan ortiq mablag‘i o‘zlashtirildi.

Kapital qo‘yilmalar tarkibida nisbatan ko‘p ulushni xo‘jalik subyektlarining o‘z mablag‘lari hisobidan o‘zlashtirilgan investitsiyalar tashkil qildi (30,5 foiz) va bu ko‘rsatkich 2014-yilning shu davriga nisbatan 20,7 foiz o‘sdi. Bu esa korxonalar 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, shuningdek, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish hududiy dasturlari ijrosiga faol jalb qilinayotganidan dalolat beradi.

Joriy yil boshidan buyon 3440 yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va zamonaviy infratuzilma obyektlarini barpo etishga qaratilgan umumiy qiymati 888 million dollardan ziyod 76 yirik investitsiya loyihasi foydalanishga topshirildi. «GM-Uzbekiston» aksiyadorlik jamiyatining «Xorazm viloyatida «Labo» avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil qilish», «Pomiq» siquv kompressor stansiyasini modernizatsiya qilish», «Qultoq» konini takomillashtirish orqali «Motor zavodi» aksiyadorlik jamiyatining bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari bazasida alyumin va plastmassa buyumlari, maishiy texnika uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni tashkil etish», «Jizzax» maxsus industrial zonasi hududida telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarishni tashkil qilish», «Barpo etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi uchun tashqi infratuzilma obyektlarini qurish», «Maroqand-Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish (I bosqich)», «Samarqand-Qarshi temir yo‘l liniyasi uchastkasida tez harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish (I bosqich)» va boshqalar shular jumlasidandir.

Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va ularning turini kengaytirishni rag‘batlantirish maqsadida joriy yil boshidan buyon iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga texnologik uskuna xarid qilish va aylanma kapitalni to‘ldirish uchun tijorat banklari tomonidan 3,4 trillion so‘mdan ortiq yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p kredit ajratildi. Natijada joriy yilning to‘qqiz oyida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 10,1 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 20,9 foiz ko‘paydi.

Joriy yil to‘qqiz oyida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaradigan yengil sanoat (o‘sish 17,7 foiz, jumladan, trikotaj mahsulotlar 14, tikuvchilik 19,6 va charm mahsulotlar 22 foiz), oziq-ovqat sanoati (16,7 foiz) va qurilish materiallari sanoati (15,9 foiz) sanoat mahsulotlari ko‘payishiga katta hissa qo‘shdi.

Texnologik jarayonlar va xomashyo hamda materiallar sarflash normalarini oqilona tashkil etish, yo‘qotish va noishlab chiqarish xarajatlarini bartaraf qilishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida shu yil boshidan buyon yirik korxonalarda 2,1 mingdan ziyod ma’nan va jismonan eskirgan uskunalar almashtirildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxi o‘rtacha 10,4 foiz kamaytirildi va sanoatda mehnat unumdorligi 5,6 foiz oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi 2343-qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfini kamaytirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari davom ettirildi. ISO 500001:2011 «Energetika menejmenti tizimi. Foydalanish talablari va qo‘llanmasi» yangi davlat standarti ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Oliy ta’lim tizimida «Energetika auditi va sanoat korxonalarini energetik tadqiq qilish» mutaxassisligi bo‘yicha yangi yo‘nalish ochildi.

II. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11-fevraldagi 2298-qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hajmini oshirish va turini kengaytirish imkonini berdi. Dastur doirasida umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq 602 mahalliylashtirish loyihasini hayotga tatbiq etish va talab yuqori bo‘lgan 1225 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Joriy yil boshidan buyon Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida 667 loyiha bo‘yicha qiymati 2,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, import o‘rnini bosish samaradorligi 1 milliard dollardan oshdi.

Yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga doir loyihalarni amalga oshirish jarayonida 785 turdagi yangi mahsulotlar, jumladan, kompressor agregat ehtiyot qismlari va uzellari (markazdan qochirma va porshen mahsulotlari), motor moylari, gidravlika uchun suyuqlik, shaxta vagonchalari, ekskavatorlar uchun ehtiyot qismlar, maishiy texnika butlovchi qismlari, yangi turdagi muzlatgich va sovutgichlar, elektr pechlar (mini pechlar), maishiy chiroqlar, energiya tejaydigan yorug‘lik diodli lampalar, sport trenajyorlari, samokatlar, bolalar velosipedlari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish tashkil qilindi.

Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobidan joriy yilning to‘qqiz oyida «O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi, “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati, «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa tizimdagi korxonalarda import hajmini 299,4 million dollarga qisqartirishga erishildi.

Tashqi bozorda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turini ko‘paytirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar samarasida joriy yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 830 korxona eksport faoliyatiga jalb qilindi.

Jahon bozorida beqarorlik va eksport qilinadigan asosiy tovarlar narxining nomuvofiq kon’yunkturasi saqlanib qolayotgan sharoitda tashqi bozordagi o‘rnini saqlash maqsadida 2015-yil boshidan buyon avtobus, oq sement, suyuq va gazsimon argon, travertin va sopol koshinlar, maishiy gaz, elektr va kombinatsiyalangan plitalar, avtomobil o‘rindiqlari, avtomobillarning shtampalangan detallari, payvandlash uskunalari, yangi turdagi konservalangan mahsulotlar va boshqa turdagi qiymati 102 million dollardan ziyod 199 turdagi yangi tovarlar eksportga yetkazib berildi.

Shu bilan birga, eksportga mahsulot yetkazib berish ko‘lamini diversifikatsiya qilishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida o‘tgan davrda 49 yangi tovar bozori, jumladan, Turkiyada (yuk avtomobillari, avtobuslar), Braziliyada (avtomobil chiroqlari), AQShda (reniy, alkogol mahsulotlari), Koreyada (avtomobillar uchun butlovchi qismlar, ishlov berilgan charm), Niderlandiya va Hindistonda (molibden), Buyuk Britaniyada (kabel-o‘tkazgich mahsulotlar) va boshqa bozorlar o‘zlashtirildi.

Bundan tashqari, Afrika va Janubiy Amerikaning ilgari savdo munosabatlari o‘rnatilmagan 13 davlatiga (Angola, Uganda, Benin, Chad, Liberiya, Kamerun, Mavrikiya, Madagaskar, Somali, Markaziy Afrika Respublikasi, Dominikan Respublikasi) mineral o‘g‘it, kaolin, yengil avtomobillar va boshqa mahsulotlar eksport qilinmoqda.

«O‘zstandart» agentligi huzuridagi Mahsulotlar eksportiga ko‘maklashish byurosi tomonidan yil boshidan buyon o‘z mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarish bo‘yicha 1133 korxonaga maslahat xizmatlari ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash, akkreditatsiya, mahsulot eksporti va xalqaro talablarni joriy etish bo‘yicha 29 xalqaro shartnoma tuzildi.

III. Rivojlangan infratuzilma, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimlarini tashkil etish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish

Joriy yilning o‘tgan davrida 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturiga kiritilgan loyihalar jadal amalga oshirildi. Xususan, O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarida 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘, jumladan, Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 605 milliard so‘m va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati bilan xorijiy zayomlar hisobidan 166 million dollar o‘zlashtirildi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida uzunligi 194,3 kilometrlik temir yo‘l qayta tiklandi, lokomotivlarning 40 seksiyasida kapital ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi, 1258 yuk vagoni ta’mirlandi va qayta tiklandi, 460 yuk va 17 yo‘lovchi tashish vagoni tayyorlandi. Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, Angren-Pop yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish loyihalarini amalga oshirish uchun 390 million dollardan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi.

Umuman, joriy yilning to‘qqiz oyida barcha turdagi transport vositalarida yuk tashish hajmi 4,3 foiz, jumladan, temir yo‘l orqali 2,6, avtomobilda 4,8, havo transporti yordamida tashilayotgan yuk hajmi 1,5 foiz ko‘paydi.

2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon zamonaviy texnologiyalar asosida 1,5 ming kilometrdan ziyod keng polosali optik-tolali tarmoqlar barpo etildi va zaxiraga olindi. Ayni paytda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 757 provayder va operator xizmat ko‘rsatmoqda, 294 korxona dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-apreldagi Iqtisodiyot real sektoriga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, shu yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha 24 aksiyadorlik kompaniyasi, birlashma va yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish hamda boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirishga doir 48 loyiha amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini modernizatsiya qilish va kengaytirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda Yagona portalga davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyatining 990 organi, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ulangan.

Tadbirkorlik subyektlarining davlat organlariga hisobot topshirishning elektron tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida soliq va statistika hisobotlarini to‘liq elektron shaklda topshirishga erishildi. Bundan tashqari, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarning kontaktsiz elektron shakllari tatbiq etilishi samarasida joriy yil boshidan buyon Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 36,3 ming tadbirkorlik subyekti internet orqali ro‘yxatga olindi.

Oliy xo‘jalik sudi 2015-yil boshidan buyon elektron shaklda taqdim etilgan 46 mingdan ortiq da’vo arizasi va iltimosnomalarni ko‘rib chiqdi, sud ishi ishtirokchilarining 37 mingdan ziyod xabarnomasi va sud hujjatlari elektron shaklda yuborildi, 2,7 mingta sud majlisi videokonferensiya rejimida o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, xo‘jalik subyektlariga 1,7 milliard so‘mni tejab qolish imkonini berdi.

IV. Iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini qisqartirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘liq erkinlik berish

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik subyektlarining huquq va kafolatlarini kuchaytirishni nazarda tutadigan norma va tartib-taomillarni joriy etish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish va kichik biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish ishlari amalga oshirildi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mazkur Dasturni amalga oshirishda muhim hujjat bo‘lib xizmat qildi. Ushbu qonunga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxldor 40 dan ortiq qonun hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qonun asosida tasdiqlandi va mazkur ro‘yxatda ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlandi. Belgilangan tartibga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yuridik shaxsni tashkil etmasdan faoliyat turiga qarab, bittadan uchtagacha ishchi yollash huquqi berildi.

Xususiy tadbirkorlikning qonuniy huquq va kafolatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga doir chora-tadbirlar doirasida Bosh prokuratura tomonidan davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishiga oid masalalar yuzasidan murojaatlarni uzluksiz (tunu kun) qabul qilish tizimi joriy etildi.

Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni keng yoritish maqsadida shu yilning sentabr oyida “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar” mavzusida respublika konferensiya-seminari bo‘lib o‘tdi. Vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va sud organlari, banklarning 200 dan ortiq rahbari, 300 dan ziyod xususiy tadbirkorlik vakillari ishtirok etgan ushbu anjumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xususiy mulk va tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunchilik normalarini amalda so‘zsiz qo‘llashini ta’minlash borasidagi vazifalari muhokama etildi. Vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va sud organlari, tijorat banklarining hududiy bo‘limlari rahbar hamda mutaxassislari ishtirokidagi shunday tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va kichik ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida joriy yilning to‘qqiz oyida kichik biznes subyektlariga 9,6 trillion so‘m kredit, bu 2014-yilning shu davriga nisbatan 1,3-marta ko‘p va 2 trillion so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Xalqaro moliya institutlarining 134,8 million dollar miqdoridagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi.

«O‘zRTXB» aksiyadorlik jamiyatining maxsus axborot portali orqali elektron savdolar yordamida tadbirkorlik subyektlaridan zarur tovarlarni (ishlar, xizmatlar) davlat tomonidan xarid qilishni tashkil etishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Shu yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, davlat xaridlari bo‘yicha o‘z tovar va xizmatlarini yetkazib berish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan kichik biznes subyektlari umumiy soni 2014-yilning shu davriga nisbatan 1,7 barobar ko‘paydi hamda 35,6 ming subyekt yoki davlat xaridlari ishtirokchilari umumiy sonining 98,1 foizini tashkil qildi.

Xususiy tadbirkorlarning xomashyo resurslaridan foydalanish mexanizmlari soddalashtirilgani samarasida kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan birja savdolari orqali sotilgan mahsulotlar hajmi 18,4 foiz ko‘paydi va qiymati 1423,3 milliard so‘mni tashkil qildi. Ular 3347,7 milliard so‘mlik mahsulot xarid qildi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 6,5 foizga o‘sdi.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 523 tadbirkorlik subyektiga qiymati 980 million dollarlik mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashdi. Bundan tashqari, 68 tadbirkorlik subyektiga 1,5 milliard so‘m miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatildi va xorijlik xaridorlar topish hamda umumiy qiymati 11,6 million dollarlik eksport shartnomalari imzolashga yordam berildi.

Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar joriy yilning to‘qqiz oyida 21,4 mingta yangi kichik biznes subyektini tashkil etish imkonini berdi (bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foiz ko‘pdir). Sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari (umumiy ko‘rsatkichning 35,9 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish (30,2 foiz) hamda qurilish sohasida (11,5 foiz) nisbatan ko‘p kichik biznes subyekti tashkil etildi.

Natijada joriy yilning to‘qqiz oyida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 53,6 foizgacha (2014-yilning shu davrida 52,9 foiz bo‘lgan), sanoatda 34,6 foizgacha (31,1 foiz), pullik xizmatlarda 49,3 foizgacha (47 foiz) va bandlikda 77,5 foizgacha (77,1 foiz) oshdi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 28-apreldagi «Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan davlat aksiyalarining 411 paketi va xo‘jalik jamiyatlari ulushi, shuningdek, 836 bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan obyektlar, jumladan, 512 obyekt investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan «nol» xarid qiymati bo‘yicha oshkora savdolarda sotish choralari tasdiqlandi.

O‘tgan davrda davlat aksiyalarining 204 paketi savdoga qo‘yildi, ulardan xususiy mulkdorlarga aksiyalarning 38 paketi sotildi. 324 bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektining 88 tasi oshkora savdolarda sotildi. Ommaviy axborot vositalarida «nol» xarid qiymati bo‘yicha sotuvga qo‘yilgan 512 obyektga doir tanlov savdolarini o‘tkazish shartlari e’lon qilindi va birlamchi savdolar yakuniga ko‘ra, 490 obyekt 11,7 million dollar va 559,6 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan sotildi.

Davlat mulkining foydalanilmayotgan obyektlarida o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalariga ko‘ra, xususiy tadbirkorlik subyektlariga noturar joy fondining 17,8 mingta foydalanilmayotgan binosi ijaraga berildi.

Xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, davlat mulkini xususiy mulkka sotish bo‘yicha avval qabul qilingan dasturlar inobatga olingan holda, shu yilning to‘qqiz oyida umumiy qiymati 89 milliard so‘m bo‘lgan 729 davlat aktivi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun 24 million dollardan ziyod va 621 milliard so‘mlik investitsiya kiritish majburiyati bilan xususiy mulkdorlarga sotildi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga doir dasturiy choralar bilan bir qatorda joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi 4720-farmoniga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ menejment uslublari joriy etildi. Jumladan, 623 aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasini korporativ boshqaruvning namunaviy tuzilmasiga moslashtirish choralari ko‘rildi.

Korporativ boshqaruv va menejment sohasida mutaxassislar tayyorlashni yanada takomillashtirish va ularning malaka darajasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 30-sentabrdagi 2414-qaroriga muvofiq Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Ushbu sohaga o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish zarurligi hisobga olinib, Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi va Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi (Germaniya) – ESMT o‘rtasida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida o‘quv-ta’lim dasturlarini o‘tkazish hamda ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalarida malaka oshirishni tashkil qilish to‘g‘risida shartnoma tuzildi.

V. Aholi bandligi va turmush farovonligini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish

Iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini saqlash iqtisodiyotni isloh etish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar bilan birga, shu yilning o‘tgan davrida aholi bandligini yuksaltirishga xizmat qildi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida 748,7 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Bunda 451,6 mingta yangi ish o‘rni (umumiy miqdorning 60,3 foizi) qishloq joylarda tashkil etildi.

Yaratilgan ish o‘rinlari umumiy sonining 163,7 mingtasi maqsadli dasturlarni amalga oshirish, 213,5 mingtasi kichik korxonalar va mikrofirmalarga tijorat banklari tomonidan kredit ajratish, 82,7 mingtasi yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, 176 mingtasi kasanachilikni tashkil etish, 112,8 mingtasi fermer hamda dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish hisobidan tashkil qilindi.

Alohida tarmoqlarda ish bilan band aholi sonining ko‘payishi natijasida kichik biznes sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4609-farmoniga muvofiq shu yilning to‘qqiz oyida oziq-ovqat, yengil sanoat, charm mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaradigan kichik korxonalarda 7 mingdan ziyod qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratildi.

Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish tizimini, xususan, kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish asosida yanada takomillashtirish chora-tadbirlari 370,5 ming bitiruvchini ish bilan ta’minlash imkonini berdi.

«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 7,7 ming urush va mehnat fronti faxriysi, shuningdek, yolg‘iz va ijtimoiy ko‘makka muhtoj qariyalarning yashash sharoitlari yaxshilandi, kommunal xizmatlar bo‘yicha 2,6 milliard so‘mlik kompensatsiya to‘lovlari to‘landi.

Shu yilning to‘qqiz oyida 205 mingdan ziyod faxriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 151 ming faxriy ambulatoriyada, 16,7 ming nafari kunduzgi bo‘limlarda, 2 ming nafari ixtisoslashtirilgan respublika tibbiyot muassasalarida davolandi. 9,6 mingdan ziyod urush va mehnat fronti faxriysi, 28,3 ming nuroniy, nogiron va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa fuqarolar sanatoriylarda o‘z salomatligini tikladi.

Umuman, joriy yil boshidan buyon «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturida belgilangan, keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Yuqori darajadagi iqtisodiy faollik aholi bandligini kengaytirish va farovonligini yuksaltirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar bilan birgalikda o‘rtacha ish haqini 2014-yilning shu davriga nisbatan 17,1 foiz, pensiyani 20,7 foiz oshirish imkonini berdi.

2015-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari mamlakatimizda har tomonlama puxta o‘ylangan taraqqiyotning «o‘zbek modeli» hayotga izchil va maqsadli joriy etilayotgani samarasida jahon iqtisodiyotida saqlanib qolayotgan inqirozli hodisalarga va global iqtisodiy rivojlanish sur’atlari susayganiga qaramay, O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik hamda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanayotganidan dalolat beradi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi dunyoda iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan davlatlar orasida beshinchi o‘rinni band etib turibdi va bu jahon hamjamiyati hamda xalqaro moliya institutlari tomonidan keng e’tirof etilmoqda. 2015-yilning sentabrida Xalqaro valyuta jamg‘armasining IV Moddaga muvofiq maslahatlari yakunlangach, jamg‘armaning Ijrochi direktorlari bayonotida «O‘zbekiston so‘nggi yillarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini namoyon etib, hukumat makroiqtisodiy siyosatni ehtiyotkorlik bilan amalga oshirayotgani va ular byudjetning sog‘lom muvozanatini, tashqi zaxiralar yuqoriligini hamda davlat qarzining past darajasini ta’minlayotgani»ni yuqori baholadi. Shuningdek, «faol davlat investitsiyalari O‘zbekiston Respublikasini mintaqaning boshqa mamlakatlari boshdan kechirayotgan sust rivojlanishdan himoya qilgani» ta’kidlandi.

2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining asosiy yo‘nalishlarini jadal amalga oshirish uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni jalb etish asosida joriy yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va kelgusi yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan mustahkam asos yaratish mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining eng muhim vazifasidir.


O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi

 

O‘zbekiston Respublikasi 
Davlat statistika qo‘mitasi