O‘zbekiston Respublikasini 2014-yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining shu yil 17-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida belgilab berilgan 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish, shuningdek, tarkibiy tub o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga doir qabul qilingan strategiyani davom ettirish joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish asosiy ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlash imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining shu yil 17-yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida belgilab berilgan 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish, shuningdek, tarkibiy tub o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga doir qabul qilingan strategiyani davom ettirish joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish asosiy ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlash imkonini berdi.
I. Iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan strategiyani davom ettirish va buning uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish
Jahon iqtisodiyotida hali-beri saqlanib qolayotgan jiddiy muammolarga qaramasdan, joriy yil avvalida O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha qabul qilingan strategiyani izchil va aniq maqsadli amalga oshirish uchun mavjud zaxiralarni jalb etishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar yalpi ichki mahsulotning 8,1 foizga o‘sishi, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash imkonini berdi. Bu davlat byudjetining profitsiti (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz) va tashqi savdo aylanmasining 900 million dollardan ziyod ijobiy saldosida o‘z ifodasini topmoqda.
Texnologik jarayonlarni modernizatsiya qilish va yangilash, korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda real sektor korxonalarini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,4 foiz, iste’mol tovarlari 11,3, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,8, chakana savdo aylanmasi 14,2, pullik xizmat ko‘rsatish 11,1 va jami xizmatlar hajmi 14,7 foizga oshdi.
Muhim obyektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishni jadallashtirish, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shu maqsadda xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmini kengaytirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmini 10,7 foiz va pudrat qurilish ishlarini 18,9 foizga o‘sishini ta’minladi.
Bank tizimining resurs bazasini kengaytirish va banklarning investitsiyaviy faolligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar tijorat banklari umumiy kapitali 24,7 foiz, banklarning umumiy aktivlari 29,2, jalb qilingan depozitlarning 30,4 foizga ko‘payishini ta’minladi. Natijada mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,9 foizni tashkil qildi va bu xalqaro standartlarga nisbatan uch barobar yuqoridir.
2014-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2013-yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,1
Sanoat mahsulotlari 108,4
Iste’mol tovarlari 111,3
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 106,8
Qurilish ishlari 118,9
Chakana savdo aylanmasi 114,2
Pullik xizmatlar 111,1
Jami xizmatlar 114,7
Shu yilning to‘qqiz oyida 141 korxonada moliyaviy sog‘lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish uchun «Yo‘l xaritalari» doirasida qiymati 558 milliard so‘m miqdoridagi investitsiyalar, jumladan, banklarning 360,6 milliard so‘mlik kreditlari jalb qilindi. Buning natijasida 119 korxona zarar ko‘rishdan chiqarildi va ular 139,2 milliard so‘m daromad oldi, 2300 dan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etildi va qayta tiklandi. Qayta tashkil etilayotgan korxonalarda jami qiymati 4,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi, shuningdek, qiymati 192,6 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini optimallashtirish hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida maydoni 539,5 ming kvadrat metrdan iborat bo‘sh turgan 330 obyekt va 216 gektardan ziyod foydalanilmayotgan yer uchastkalarini yangi mulkdorlarga sotish ishlari boshlandi.
Tarmoqlar raqobatbardoshligini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon yirik korxonalarda qiymati 184,5 million dollarga teng 2770 ma’naviy va jismoniy eskirgan uskuna almashtirildi. Ishlab chiqarish jarayonini oqilona tashkil etish, korxonalarni texnologik yangilash, xomashyo va materiallar sarfini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida shu yilning to‘qqiz oyida yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi o‘rtacha 9,2 foizga kamaytirildi, sanoatda ish unumdorligi 6,6 foizga oshirildi.
Ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash dasturlari, shuningdek, sanoat korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi tarkibiy tub o‘zgarishlar jarayoni va sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilishni yanada chuqurlashtirishga yordam berdi.
2014-yilning to‘qqiz oyida mashinasozlik va metallni qayta ishlash (2013-yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 114,2 foiz), qurilish materiallari sanoati (113 foiz), yengil sanoat (115,9 foiz, jumladan, trikotaj – 118 foiz, tikuvchilik – 126,1 foiz, paxtani qayta ishlash – 125,4 foiz), farmatsevtika (113,9 foiz), qora metallurgiya (113,4 foiz), oziq-ovqat sanoati (109,7 foiz) kabi sanoat tarmoqlarida jadal rivojlanish ta’minlandi. Sanoat ishlab chiqarish umumiy tarkibida ushbu tarmoqlar ulushi o‘tgan yilning 9 oyidagi 54,5 foizdan hisobot davri yakunlariga ko‘ra 59 foizgacha o‘sdi.
Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirish maqsadida joriy yil boshidan buyon texnologik uskunalar xarid qilish va aylanma kapitalni to‘ldirish uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga banklar tomonidan 2,6 trillion so‘m (2013-yilning shu davriga nisbatan 124,7 foiz), jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga 1,2 trillion so‘m (122,2 foiz) va nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishga 1,4 trillion so‘m (127 foiz) hajmida kreditlar ajratildi. Natijada shu yilning to‘qqiz oyida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 11,3 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 7,9 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 13,6 foiz oshdi.
2014-2016-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 443 loyiha bo‘yicha qiymati o‘rtacha 2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara 870 million dollardan oshdi. Mahalliylashtirilgan 525 turdagi yangi mahsulot, xususan, elektr duxovka, gaz va elektr plitalar, konditsionerlar, elektr dvigatel va nasoslar, rozetkalar uchun shtepsel, payvandlash simlari, avtomashinalar uchun antifriz, sport maydonlari uchun sun’iy qoplama, rezina asosli kovrolan, yangi turdagi bolalar o‘yinchoqlari, sport anjomlari va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Tarkibiy tub o‘zgarish jarayonlarini chuqurlashtirish, sanoat tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga doir chora-tadbirlar natijasida joriy yilning to‘qqiz oyida yuk avtomobillari, avtomobil dvigatellari, avtobuslar, kultivatorlar, muzlatgich va sovutgichlar, tikuvchilik, trikotaj buyumlari va paypoq, poyabzal, charmdan tayyorlangan galantereya buyumlari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli ravishda ko‘paydi.
II. Sanoatda yuqori texnologiyali va zamonaviy muhim obyektlar va quvvatlarni ishga tushirish, investitsiya jarayonini rivojlantirish va takomillashtirish
Investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari bilan birgalikda, yuqori texnologiyali va zamonaviy muhim obyektlar va quvvatlarni ishga tushirishni jadallashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlarini chuqurlashtirishga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi iqtisodiyotda o‘zlashtirilgan investitsiyalarning yuqori o‘sish sur’atlariga erishish imkonini berdi. Joriy yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, ularning hajmi 10 milliard dollardan oshdi.
O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 2,1 milliard dollardan ortig‘i yoki 20,7 foizini chet el investitsiya va kreditlari tashkil qildi. Ularning hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foiz, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari 1,7 milliard dollarga yoki 22,3 foiz o‘sdi.
O‘tgan davrda umumiy qiymati 875,7 million dollarlik 105 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Jumladan, «Jizzax viloyatida portlandsement va oq sement ishlab chiqarishni tashkil etish», «Fosforit xomashyosini boyitish bo‘yicha mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish», «Damas» va «Orlando» rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish», «Angren» maxsus industrial zonasi hududida yangi zamonaviy shakar zavodini qurish va tashkil etish», «Sino» aksiyadorlik jamiyatida muzlatgich va konditsionerlar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish», «Leading Force Company» qo‘shma korxonasida maydalash-saralash va asfalt qorish kompleksini tashkil etish», «Jizzax» maxsus industrial zonasida santexnika buyumlari va quyosh energiyasi yordamida suv isitish tizimlari (kollektorlar) ishlab chiqarishni tashkil etish kabi va boshqa loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi.
Umuman joriy yil boshidan buyon hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 4271 loyiha hayotga tatbiq etildi. Jumladan, qurilish materiallari sanoatida (1333 loyiha), oziq-ovqat (1152), yengil va to‘qimachilik (939), mebel va qog‘oz sanoatida (376), kimyo va neft-kimyo sanoatida (310) va boshqa tarmoqlarda 2715 yangi ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan qiymati 822,6 milliard so‘mlik kredit ajratildi, loyiha tashabbuskorlarining 1190,6 milliard so‘mlik o‘z mablag‘lari jalb etildi, 38,3 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi va 60 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
V-VII Respublika innovatsiya yarmarkalarida tuzilgan shartnomalar doirasida shu yilning to‘qqiz oyida sanoat mahsulotlarining tajriba namunalari ishlab chiqarildi, 11 shartnoma bo‘yicha yangi texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy qilindi, 15 loyiha asosida mamlakatimiz ilmiy va ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy mahsulotlar yetkazib berildi, 9 loyiha bo‘yicha tashkilotlarga ilmiy-texnik xizmat ko‘rsatildi. 6 turdagi innovatsiya mahsulotlari, jumladan, o‘tga chidamli yengil buyumlar va yuqori haroratli o‘tga chidamli materiallar, shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
III. Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish
Shu yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yaratish, qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish uchun ortiqcha byurokratik va ma’muriy tartib-taomillarga chek qo‘yishga doir ishlar davom ettirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF 4609-farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tadbirkorlarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish sonini cheklash, kichik biznes subyektlariga qo‘shimcha soliq preferensiyalari berish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish mexanizmlarini soddalashtirish, shuningdek, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro munosabatlarda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Kichik ishlab chiqarish korxonalari tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tgan davrda kichik biznes subyektlariga umumiy qiymati 60,5 milliard so‘mlik 224 davlat aktivi (jumladan, 151 obyekt nolga teng qiymatda) sotildi, foydalanilmayotgan 23 mingta davlat mulki obyekti ijaraga berildi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 7,3 trillion so‘m miqdorida kredit va mikrokreditlar (jumladan, 1,5 trillion so‘mlik mikrokredit) berildi. Bu 2013-yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘pdir. Xalqaro moliya institutlarining kichik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun taqdim etilgan 129 million dollarlik (1,2 barobar) kredit liniyalari o‘zlashtirildi.
Ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning to‘qqiz oyida 20,2 mingta yangi kichik biznes subyektini (fermer va dehqon xo‘jaliklari hisobga olinmagan holda) tashkil etish imkonini berdi. Eng ko‘p kichik biznes subyektlari sanoat va qurilish tarmoqlarida (umumiy miqdorning 38,6 foizi) tashkil qilindi. Natijada faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes korxonalari umumiy soni 2013-yilning shu davriga nisbatan 3,5 foiz ko‘paydi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarining tovar bozorlaridan foydalanishini kengaytirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli 2014-yilning to‘qqiz oyida kichik tadbirkorlik subyektlari birja savdolari orqali 1,2 trillion so‘mlik (o‘sish 1,9 barobar) o‘z mahsulotlarini sotdi, qiymati 3 trillion so‘mdan ziyod (o‘sish 1,7 barobar) mahsulot sotib oldi. Elektron savdolar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlari hajmi shu yilning to‘qqiz oyida 333,7 milliard so‘m yoki davlat xaridlari umumiy hajmining 98,3 foizini tashkil etdi. Davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarning joriy etilishi hisobiga ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan 82,2 milliard so‘mlik yoki 19,5 foiz byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.
Statistik, soliq, moliyaviy va boshqa hisobotlarni topshirishning elektron tizimini bosqichma-bosqich joriy etish doirasida ayni paytda tadbirkorlik subyektlarining 99 foizi soliq hisobotlarini, 94,7 foizi statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirmoqda. Bundan tashqari, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarning kontaktsiz elektron shakllarini rivojlantirish natijasida joriy yilning to‘qqiz oyida 280 mingdan ziyod bojxona yuk deklaratsiyalari (umumiy miqdorning 98,2 foizi) elektron shaklda rasmiylashtirildi. Oliy xo‘jalik sudi tomonidan sud ishi ishtirokchilarining 30 mingdan ortiq elektron ariza va murojaatlari ko‘rib chiqildi, ularga 42 mingdan ziyod xabarnoma elektron shaklda taqdim etildi.
Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasida 2014-yilning to‘qqiz oyida yalpi ichki mahsulotda kichik biznesning ulushi 52,9 foiz (2013-yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich 51,2 foiz bo‘lgan), sanoatda 31,1 foiz (27,9 foiz), investitsiyalarda 33,2 foiz (32,2 foiz), pullik xizmat ko‘rsatishda 47 foiz (43,1 foiz), bandlik sohasida 76,5 foiz (76 foiz) o‘sdi.
IV. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash hamda jahon bozoriga chiqishning muhim omili bo‘lgan to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirish
Jahonda asosiy eksport pozitsiyalari uchun narx kon’yunkturasining noqulayligi va mamlakatimizning savdo sheriklari bo‘lgan qator davlatlarda iste’mol talabi pasayib borayotgan sharoitda tashqi bozorlarda eksportchi korxonalarimiz o‘rinlarini mustahkamlash maqsadida o‘tgan davrda mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga doir chora-tadbirlar bilan bir qatorda, eksport qilinayotgan milliy mahsulotlarimiz hajmi va nomenklaturasini kengaytirish chora-tadbirlari ham amalga oshirildi.
Jumladan, yuk avtomobillari, avtobuslar, mis asosli qotishmalar, polietilen, ip-kalava, trikotaj polotno, ammiakli selitra, kalsinatsiyalangan soda, suprefos va boshqa tovarlarni eksportga yetkazib berish hajmi oshdi.
Bundan tashqari, joriy yil boshidan buyon 322 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, ular qiymati 332 million dollarlik mahsulotni eksportga yetkazib berdi, 172,2 million dollarlik 143 turdagi yangi mahsulot, jumladan, «Cobalt» va «Gentra» rusumidagi avtomobillar, qoliplash-payvandlash tarkibiy qismlari, radiatorlar, avtomobil o‘rindiqlarini shamollatish tizimi va tashqi bozorda xaridorgir boshqa mahsulotlarni eksport qilish o‘zlashtirildi. Shu davrda mamlakatimiz korxonalari ilk bor o‘z mahsulotlarini 51 davlatga eksportga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.
2012-2016-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi ijrosi doirasida o‘tgan davrda servis infratuzilmasini tashkil etish va rivojlantirish uchun «Mikrokreditbank»ning 33 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i yo‘naltirildi. Umuman, joriy yil boshidan buyon servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 10 mingdan ortiq loyiha amalga oshirildi.
Masalan, 2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida zamonaviy texnologiya asosida keng miqyosda foydalanish uchun 650 kilometrdan ortiq optik tolali tarmoqlar bunyod etildi va zaxira qilib qo‘yildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlab chiqilgan 75 mingdan ziyod ta’lim-axborot resurslari ZiyoNET elektron portali kutubxonasida joylashtirildi. Raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish doirasida aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 45 foizga yetkazildi.
Mobil aloqa va internet xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar sonining ko‘payishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida yangi xizmat turlarining joriy etilishi va rivojlantirilishi, shuningdek, ATSni raqamlashtirish darajasining oshgani natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 23,7 foiz, komputerda dasturlash xizmatlari 20,6 foiz o‘sdi.
Mikro va iste’mol kreditlashni rivojlantirish, zamonaviy xalqaro standart va texnologiyalardan foydalangan holda to‘lov tizimini takomillashtirish, shuningdek, moliyaviy infratuzilma institutlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar moliya xizmatlari hajmini 33,6 foiz oshirish imkonini berdi.
Chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 5,1 mingga yaqin yangi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi tegishli xizmatlarning 16,6 foiz ko‘payishiga yordam berdi. Maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida 3,1 mingdan ziyod loyihaning amalga oshirilishi natijasida maishiy xizmatlar hajmi 20 foizga oshdi.
Umuman, xizmat ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish va qishloq aholisining zamonaviy xizmat turlaridan foydalanishini kengaytirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 50,1 foizga yetdi (2013-yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 49,9 foiz bo‘lgan).
V. Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash
2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat dasturini amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 81,4 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. Natijada uzunligi 739,8 kilometr kollektor, vertikal drenajli 107 quduq, 1269 kuzatuv qudug‘i va 75,2 kilometr yopiq gorizontal drenaj tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi, 9,5 ming kilometr xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichidagi kollektor-drenaj tarmoqlarida ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi.
Shu yilning to‘qqiz oyida asosiy va oraliq ekin maydonlarida 255,8 ming gektar yerga sabzavot, 81,5 ming gektar yerga kartoshka va 57,1 ming gektar maydonga poliz ekinlari ekildi. 2,4 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, 5,6 ming gektar yerda intensiv bog‘lar va 8,9 ming gektar yerda uzumzorlar barpo etildi. 4,1 ming gektardagi bog‘ va 6,1 ming gektarlik uzumzorlar rekonstruksiya qilindi. 410 gektar maydonda 750 yangi issiqxona tashkil etildi.
Joriy yilda suv kam bo‘lganiga qaramasdan, dehqonlarimizning omilkorligi va fidokorona mehnati samarasida sug‘orish suvlaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan davrda qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil yetishtirildi va yig‘ishtirib olindi. Xususan, joriy yilning to‘qqiz oyida 6,7 million tonna sabzavot (2013-yilning shu davriga nisbatan 111,4 foiz), 1,9 million tonna kartoshka (111 foiz), 1,2 million tonna poliz mahsulotlari (109,3 foiz), 1,7 million tonna meva (111,5 foiz) va 991,6 ming tonna uzum (109,3 foiz) yetishtirildi.
Mamlakatimiz aholisini 2014-2015-yillar kuz-qish davrida meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida tayyorlov korxonalari va ijtimoiy soha tashkilotlarining ombor hamda muzlatish xonalarida 74,2 ming tonna miqdorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, 11,3 ming tonna kartoshka, 24,3 ming tonna piyoz, 2,8 ming tonna sabzi, 1,23 ming tonna karam, 24 ming tonna meva, 4,3 ming tonna poliz mahsulotlari, 4,2 ming tonna guruch va boshqa mahsulotlar g‘amlandi.
Joriy yil boshidan buyon chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha 53 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan 2 mingdan ziyod loyiha, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha 10,3 million parrandaga mo‘ljallangan 788 loyiha, baliq yetishtirish bo‘yicha 747 loyiha, shuningdek, asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha 828 loyiha amalga oshirildi. Tijorat banklari ushbu loyihalar uchun chorvachilikni rivojlantirishga 185 milliard so‘m, parrandachilik xo‘jaliklari tashkil etish uchun 85,5 milliard so‘m, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun 15,2 milliard so‘m ajratdi.
Natijada joriy yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha qoramollar umumiy soni 4,1 foizga ko‘payib, 10,9 million boshga yetdi. Go‘sht yetishtirish hajmi 6,8 foiz, sut 7 foiz, tuxum 12,3 foizga oshdi.
VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash, uy-joy qurish va aholi yashash maskanlarini obodonlashtirish
2014-yilda Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 1,5 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Yangi qishloq massivlarida namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan 10830 yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi.
Qishloq joylarda bunyod etilgan yangi uy-joy massivlarini zarur muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma obyektlari bilan ta’minlash maqsadida shu yilning to‘qqiz oyida 470,2 kilometr suv ta’minoti tarmoqlari, 291,1 kilometr aylanma va ichki avtomobil yo‘llari foydalanishga topshirildi, uzunligi 289,6 kilometr elektr tarmoqlari barpo etildi, 297 kichik transformator stansiyasi o‘rnatildi, shuningdek, 307,9 kilometr gaz ta’minoti tarmog‘i ishga tushirildi. Bundan tashqari, qishloq aholisining turmush darajasini yanada oshirish maqsadida yangi massivlarda 135 ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari tashkil etildi.
Bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida joriy yil boshidan buyon mamlakatimizda 9,2 million kvadrat metr (2013-yilning shu davriga nisbatan 110,1 foiz), jumladan, qishloq joylarda 7,1 million kvadrat metr uy-joy (111,1 foiz) foydalanishga topshirildi. 2 ming kilometrdan ziyod, jumladan, qishloq joylarda 1,8 ming kilometr suv ta’minoti tarmog‘i, shuningdek, 361 kilometr, qishloq joylarda esa 269 kilometr gaz tarmoqlari barpo etildi.
Bundan tashqari, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash maqsadida 68 qozonxona, 132 qozon, 72,8 kilometr issiqlik, 83,2 kilometr gaz, 169,9 kilometr suv, 16,5 ming kilometrdan ortiq elektr tarmoqlari, 5,6 mingta transformator punktlari, 469 bolalar bog‘chasi, 98 maktab, 79 shifoxona, 6 «Muruvvat» va «Saxovat» uy-internatlari, 3 bolalar uyi, shuningdek, 878 ko‘p qavatli uylar kapital ta’mirlandi.
«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida 2014-yil 1-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF 2221-qarori va 2014-yil 11-iyuldagi Vazirlar Mahkamasining «Davlat muzeylarining bolalar va ularning ota-onalariga ochiqligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 189-qarori qabul qilindi.
O‘tgan davrda 59,2 ming o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 210 umumta’lim maktabini (jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar) qurish va rekonstruksiya qilish, 159 maktabni kapital ta’mirlash, shuningdek, ularni mebel, komputer sinflari, o‘quv-laboratoriya uskunalari va boshqa inventarlar bilan jihozlash uchun qariyb 300 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, 37 bolalar musiqa maktabi va 89 bolalar sporti obyekti (jumladan, umumta’lim maktablarida 73 sport zali) barpo etish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 218,2 milliard so‘m o‘zlashtirildi.
Umuman, 2014-yilning to‘qqiz oyida «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturini amalga oshirishga 4,2 trillion so‘m va 200 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.
Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini faol amalga oshirish natijasida joriy yilning to‘qqiz oyida 777,8 ming yangi ish o‘rni, ulardan 465 mingtasi yoki umumiy miqdorning 59,8 foizi qishloq joylarda tashkil etildi. Yangi ish o‘rinlari umumiy miqdorning 281,8 mingtasi yangi kichik korxona va mikrofirmalarni ishga tushirish, 87,4 mingtasi yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan, 116,6 mingtasi fermer va dehqon xo‘jaliklarida yaratildi.
O‘tgan davrda aholining iqtisodiy faolligi mamlakatimizda ish haqini 17,7 foiz, o‘rtacha pensiyalarni 15,7 foiz, aholi jami daromadini 18,7 foizga oshirish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifa va ustuvor yo‘nalishlarining izchil hamda aniq maqsadli amalga oshirilishi natijasida tashqi bozorda salbiy tendensiyalar saqlanib qolayotgani va jahon iqtisodiyoti rivojining sekinlashishiga qaramasdan, joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizda iqtisodiyotning mustahkam yuqori o‘sish sur’atlarini va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash ta’minlandi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning asosiy vazifasi joriy yilda iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, kelgusi yillarda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratish bo‘yicha qabul qilingan strategiyani amalga oshirishni davom ettirishdan iboratdir. Bunda ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini muntazam takomillashtirish orqali mavjud zaxira va imkoniyatlarni jalb etish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishda investitsiyalar samaradorligini oshirish, shuningdek, iqtisodiyotning tarkibiy tub o‘zgarishlarida xususiy sektorning rolini kuchaytirishga tayaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi