O‘zA O`zbek

27.08.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Xitoy Davlat taraqqiyot banki 309 million AQSH dollari miqdoridagi shartnomani imzoladi

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Xitoy Davlat taraqqiyot banki 309 million AQSH dollari miqdoridagi shartnomani imzoladi

Xitoy Davlat taraqqiyot banki (XDTB) Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorligi doirasida oʻtgan vaqt mobaynida bir necha marotaba kredit liniyalarini taqdim etgan. Ular orqali Milliy bank 460 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirdi, shu jumladan, umumiy qiymati 655 million AQSH dollari boʻlgan 6 kredit liniyasi oʻzlashtirildi.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2019-yil 26-avgustda Oʻzbekiston – Xitoy xalqaro hamkorlik komissiyasining 5-yigʻilishi doirasida Milliy bank va XDTB oʻrtasida “Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasining samolyot parkini modernizatsiya qilish loyihasi boʻyicha 309 million AQSH dollari miqdorida shartnoma imzolandi. 

Ushbu loyihalarni moliyalashtirishning asosiy banki sifatida XDTBni tanlash, eksportni sugʻurtalash agentliklaridan foydalanmasdan, yetkazib berish toʻlovlari uchun imtiyozli davrni taʼminlaydigan moliyalashtirishning eng qulay shart-sharoitlari taʼminlanishi bilan bogʻliq. Bu esa resurslar narxi oshishi oldini oladi. 

“Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasi parkini yangilash mamlakatning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va aviakompaniyaning yoʻlovchilar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan.

XDTB bilan hamkorlik qilishning afzalliklari koʻp yillik hamkorlik tajribasi, qulay moliyaviy sharoitlar va hujjatlar tezkorlik bilan koʻrib chiqilishi hisoblanadi. 

Imzolangan bitim ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga kuchli turtki beradi va kredit resurslarini nafaqat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi imtiyozli shartlarda jalb qilish, balki Oʻzbekiston iqtisodiyotining barcha sohalarida yirik strategik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun imkoniyat yaratadi hamda sheriklik aloqalarini mustahkamlash va moliyaviy institutlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish koʻrsatkichidir. 

Reklama huquqi asosida

7 243
OʻzA