O‘zA O`zbek

07.05.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va AT Xalq bankining QOʻSHMA MUROJAATI

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va AT Xalq bankining QOʻSHMA MUROJAATI

Qadrli pensiya va nafaqa oluvchilar, hurmatli fuqarolar!

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha maxsus shtabining qoʻshma yigʻilishi bayoniga asosan, mamlakatimizda epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni toʻliqligicha bank kartalariga oʻtkazish orqali amalga oshirish chorasini koʻrish boʻyicha qaror qabul qilingan. Mazkur qarordagi ushbu vazifalar Pensiya jamgʻarmasi va AT Xalq banki zimmasiga yuklatilgan.

Shu bois, joriy yilning may oyidan boshlab Toshkent shahri, Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida istiqomat qiluvchi pensiya va nafaqa oluvchilarga AT Xalq banki tomonidan bank kartalari toʻliq ochildi. Oʻz navbatida, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan pensiya va nafaqalar uchun 1,4 trln. soʻm miqdoridagi mablagʻlar toʻliq moliyalashtirib berildi.

Bir vaqtning oʻzida 480 mingdan ortiq pensiya va nafaqalarni bank kartalariga yuklanishi AT Xalq bankining elektron axborot tizimida yuqori darajada yuklama keltirishiga sabab boʻldi. Yaʼni, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan har bir pensiya va nafaqa oluvchi toʻgʻrisida yuborilgan fayllar Xalq banki serverlari bazasidagi fuqarolarga ochilgan karta maʼlumotlari bilan avtomatik tarzda solishtirilib, tasdiqlangandan soʻnggina pensiya va nafaqa mablagʻlari tegishli bank kartalariga oʻtkazildi.

Qolaversa, 2020-yil may oyining dastlabki kunlari dam olish kunlariga toʻgʻri kelganligi bois pensiya pullari 4-may sanasidan boshlab bank kartalariga yuklanishi boshlandi.

Shuningdek, pensiya va nafaqa oluvchi barcha fuqarolarga bank kartalari fuqarolarning yashash manzillariga AT Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan oldingi pensiya tarqatish grafigi boʻyicha yetkazib beriladi.
Mazkur bank kartalaridan fuqarolarning xohishiga koʻra sterillangan mablagʻlar naqdlashtirib beriladi.

Bunda bugungi kunga qadar fuqarolarga yetkazib berilgan bank kartalaridan ham mazkur grafikda belgilangan sanalarda naqdlashtirish imkoniyati boʻladi.

Pensionerlarning bank kartalaridan mablagʻlarni naqdlashtirish uchun hech qanday haq olinmaydi.

Qayd etish zarurki, bank kartalarini fuqarolarning yashash manzillariga yetkazilishi holati oʻrganilganda, baʼzi tuman boʻlimlarida, pensiya va nafaqa oluvchilarga bank kartalarini tarqatishda fuqarolarning bir joyga toʻplanish holatlari kuzatilmoqda.
Muhimi shuki, bank kartalari har bir pensioner va nafaqa oluvchining xonadoniga yetkazib berilishi taʼminlanadi.

Hurmatli pensiya va nafaqa oluvchilar!

Pensiya jamgʻarmasi va AT “Xalq banki” yuqorida keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻraydi.

Pensiya toʻlovlarini yetkazish bilan bogʻliq savollaringiz boʻlsa, AT Xalq bankining — 1106 hamda Pensiya jamgʻarmasining — 1140 “ishonch telefoni” orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Pensiya jamgʻarmasi Matbuot xizmati

11 609
O'zA