O‘zA O`zbek

25.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston qurilish mollari afgʻon ishbilarmonlarini qiziqtirmoqda

Oʻzbekiston qurilish mollari afgʻon ishbilarmonlarini qiziqtirmoqda Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotir. Oʻzaro manfaatli hamkorlik qurilish industriyasi sohasida ham katta samara berishi, shubhasiz. Bu fikr Toshkentda oʻtkazilgan birinchi oʻzbek – afgʻon qurilish materiallari sanoati biznes-forumi doirasida Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan ikki mamlakat ishbilarmonlari muloqotida taʼkidlandi.

Anjumanda mamlakatimizda zamonaviy qurilish industriyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilayotgani, bunda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay investitsiya muhiti yaratilgani muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Mamlakatimizda, jumladan, Buxoro viloyatida binokorlik materiallari xom ashyosi boʻlgan granit, gips, ohak, qum-shagʻal konlari, yaʼni yerosti resurslari mavjud. Ularning zaxirasi katta. Boshqa sohalardagi kabi qurilish industriyasi loyihalarida ishtirok etayotgan chet ellik investorlar ham har jihatdan ragʻbatlantirilayotir. Ayni paytda kiritgan sarmoyasi hajmiga mos ravishda ular uchun soliq imtiyozlari va boshqa qulayliklar koʻzda tutilgan huquqiy hujjatlar haqida keng maʼlumotlar berildi.

– Oʻzbekiston qurilish mollari bozorining boyligi bizda katta qiziqish uygʻotdi, – deydi Afgʻonistonning “Pokiza” qurilish kompaniyasi rahbari Abdul Matin Qosimiy. – Albatta, shaharlarimizda bunyodkorlik ishlari koʻlami kengayib borayotgan sharoitda bu mahsulotlarga talab katta. Mazkur mollarni yurtingizdan xarid qilish, hududiy yaqinligimiz va import mollari harakatlanishi uchun chegaralarimizda qulay imkoniyatlar yaratilgani bizga juda maqbul. Qolaversa, Oʻzbekistonga investitsiya kiritish orqali bu yerdagi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilish ikki tomon uchun ham manfaatlidir. Biznes-forum muloqotlardan amaliy ishlarga oʻtishda oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Tadbirda mehmonlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotlarni Afgʻonistonga yetkazib berishda logistik va transport xizmatlari koʻrsatayotgan poytaxtimizdagi “Surkhan Global Trade” kompaniyasi faoliyatiga katta baho berdi.

Biznes-forumda xorijliklar “Gʻijduvon” va “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonalari faoliyati hamda ularda investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ham maʼlumotlarga ega boʻldi.

Tadbir doirasida Buxoro viloyatida ishlab chiqarilgan qurilish materiallari va toʻqimachilik mahsulotlari koʻrgazmasi namoyish qilindi. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan voha binokorlik industriyasi va yengil sanoat korxonalari rahbarlari va chet ellik biznes vakillari oʻrtasida hamkorlik aloqalariga bagʻishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Shuningdek, afgʻonistonlik ishbilarmonlar Kogon tumani hududida joylashgan “Knauf gips Buxoro” (Germaniya) xorijiy korxonasida boʻlib, eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan gipsokarton qoplamalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

2 (1).jpg

6 (1).jpg


6 429
Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), OʻzA