O‘zA O`zbek

22.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston qaysi davlatlarga eng koʻp eksportni amalga oshiradi

Mamlakatimizda tashqi savdo aylanmasi oʻtgan 2018 yilda 33,8 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2017 yilga nisbatan 27,3 foizga koʻp demakdir. Xoʻsh, bunday koʻrsatkichga qaysi mahsulotlar va xizmatlar evaziga erishildi?

– Maʼlumki, tashqi savdo hajmi tovarlar va xizmatlar eksporti va importi hisobidan shakllanadi, – deydi biz bilan suhbatda Davlat statistika qoʻmitasi Tashqi savdo boʻyicha boshqarma boshligʻi Botir Ergashev. – 2018 yilning yanvar-dekabr oylari holatiga koʻra eksport hajmi 14,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shu tariqa 2017 yilning mos davriga nisbatan 13,5 foiz oʻsishga erishildi. Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va Turkiya Oʻzbekiston eng koʻp mahsulot eksport qiladigan davlatlar hisoblanadi. Xususan, Xitoy va Rossiyaga asosan gaz va meva-sabzavot mahsulotlari, Turkiyaga esa qora va rangli metallar eksport qilinadi.

Eksport qilinayotgan mahsulotlar hajmi jahon bozorida unga boʻlgan talabga koʻra oʻzgarib turadi. Baʼzida bu bizning imkoniyatimiz va rejalarimizga ham bogʻliq. Misol uchun, paxta eksporti yildan yilga pastlab bormoqda. 2015 yilda 503,8 ming tonna, 2016 yilda 416 ming tonna, 2017 yilda 278,9 ming tonna, 2018 yilda esa 115,6 ming tonna xorijga sotildi. Ushbu kamayish dinamikasining sababi sifatida oʻzimizda paxtani qayta ishlash hajmi ortib, tayyor yoki yarim tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga katta eʼtibor berilayotganligini aytishimiz mumkin. Oʻz oʻrnida, 2018 yil yakunlariga koʻra 1,6 milliard dollarlik tekstil mahsulotlari eksport qilindi.

Respublikamizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan meva-sabzavotlar ham xaridorgir hisoblanadi. Agarda 2017 yilda 364,2 ming tonna sabzavot eksport qilingan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2018 yilda 670,4 ming tonnani tashkil etdi. Mevalar eksporti ham 2018 yilda 2017 yilga nisbatan oʻsdi. Yaʼni, qariyb 540 ming tonnadan 560,2 ming tonnaga yetdi. Ular orasida uzum eksportida nisbatan kamayish kuzatildi. 2017 yilda qariyb 214 ming tonna uzum eksport qilingan boʻlsa, 2018 yilda bu koʻrsatkich 206,8 ming tonnani tashkil etdi.

Quvonarlisi, biz Yevropa mamlakatlariga ham kirib boryapmiz. Hozirga qadar meva-sabzavotlarni asosan Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarga eksport qilgan boʻlsak, 2018 yil davomida Latviya, Germaniya, Polsha, Ruminiya, Italiya, Ispaniya kabi davlatlarga 11,8 ming tonnaga yaqin asosan quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berildi.



5 918
Sayyora Shoyeva, OʻzA