O‘zbekiston – Polsha biznes-forumi
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Polsha Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes- forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Polsha Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes- forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston bilan Polsha o‘rtasidagi munosabatlar barcha jabhalarda, jumladan, savdo-iqtisodiyot sohasida ham jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy munosabatlar qulayliklar yaratish prinsipi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Polsha hukumatlararo komissiyasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishda amaliy mexanizm bo‘lib xizmat qilayotir.
Biznes-forum O‘zbekiston va Polsha biznes tuzilmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirishga qaratildi. Polshadan tashrif buyurgan tadbirkorlar delegatsiyasi tarkibida temir yo‘l, avtotransport sohalari xodimlari, avtobus va trolleybus, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muzlatish va saqlash asbob-uskunalari, maishiy kimyo tovarlari, sut mahsulotlari ishlab chiqaradigan hamda biotibbiyot va nanotexnologiyalar kabi tarmoqlarda ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazadigan kompaniyalar vakillari bor.
Tadbirda Polsha delegatsiyasi a’zolariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasidagi investitsiyaviy muhit, Polshaning savdo-iqtisodiy salohiyati va ikki davlat o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy hamkorlikning joriy holatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlardan yaxshi xabardorman, – deydi Sileziya Savdo-sanoat palatasi raisi Rishard Tujanskiy. – Ayniqsa, yosh tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yordam, xorijiy investorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshiradi.
Biznes-forum davomida O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muloqotlar yakunida kelajakdagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.