O‘zbekistonlik tadbirkorlar “Yashil hafta – 2017” xalqaro yarmarkasida 151,2 million dollarlik eksport shartnomalari imzoladi
Germaniya poytaxti Berlin shahrida “Yashil hafta – 2017” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro yarmarkasi davom etmoqda. Unda O‘zbekiston kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etayotir.
Germaniya poytaxti Berlin shahrida “Yashil hafta – 2017” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro yarmarkasi davom etmoqda. Unda O‘zbekiston kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etayotir.O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi xalqaro yarmarka ishtirokchilari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga oid muzokaralar olib bormoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida mamlakatimizning eksport salohiyati yuksalib bormoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimizning barcha hududlarida sanoat korxonalarini tashkil etish, xususiy tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish, mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlarning chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro yarmarkalar, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etishini ta’minlash, xaridorlar topishi va shartnomalar tuzishiga ko‘maklashish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotning barqaror sur’atlar bilan o‘sishiga, mamlakatimizning eksport salohiyati izchil yuksalishiga xizmat qilayotir.
“Yashil hafta – 2017” yarmarkasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. 70 ga yaqin mamlakatdan 1 ming 650 firma va kompaniya ishtirok etayotgan mazkur xalqaro forumda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid eng so‘nggi yutuqlar namoyish etilayotir.
«O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, tadbirkorlarimiz ushbu xalqaro yarmarkada 27-yanvargacha Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Avstriya, Hindiston, Turkiya kabi davlatlarning firma va kompaniyalari bilan jami 151,2 million dollarlik eksport shartnomalari imzolagan.
“Yashil hafta – 2017” mamlakatimiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xizmatlarini xalqaro bozorlarga taklif etish, xorijiy davlatlar ishbilarmonlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘rnatish, mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, yurtimizga investitsiyalar jalb etish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro bozor talablarini o‘rganish imkonini bermoqda. Uning doirasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar eksport hajmini oshirish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.