Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 17:15 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston meva-sabzavotlari ekologik sofligi bilan shuhrat qozongan

Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida 40 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etmoqda. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Li Su Yong, «Keongco Malaysia» kompaniyasi direktori (Malayziya):

– Xalqaro yarmarkada O‘zbekistonning meva-sabzavotchilik sohasida ulkan salohiyatga ega ekani, agrar sanoat yuksak darajada rivojlanganiga ishonch hosil qildik. Yarmarka stendlarida xilma-xil meva-sabzavotlar, qayta ishlangan mahsulotlar ko‘pligidan ko‘z quvnaydi.

O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar mazasi va tabiiyligi bilan ajralib turadi. Mamlakatingizda shirin-shakar mevalar, totli sabzavotlar yetishtirish bilan birga, ularni xalqaro standartlar asosida qayta ishlash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Mana shunday yirik savdo-yarmarkaga taklif etilganimizdan xursandmiz. O‘zbekistondan Malayziyaga katta hajmda dukkakli mahsulotlar import qilishni rejalashtirganmiz.

Aleks Ossadtchi, «Mooij Agro» kompaniyasi savdo menejeri (Niderlandiya):

– Xalqaro yarmarka yuksak saviyada tashkil etilgan. U har tomonlama foydali bo‘lmoqda. Ishtirokchilarga muzokaralar o‘tkazish, bitim va shartnomalar tuzish uchun barcha qulaylik muhayyo.

O‘zbekiston haqida, bu yerda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarning mazasi-yu, sifati haqida ko‘p eshitganman, o‘qiganman. Bugungi yarmarkada bu mahsulotlarni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ko‘plab mamlakatlarda O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavotlar va poliz mahsulotlari juda qadrlanadi.

Kompaniyamiz lavlagi, piyoz va kartoshka urug‘ini saqlash uchun ventilatsiya uskunalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Xaridorlarga turli zamonaviy muzlatgich va sovutgichlar ham taklif qilamiz. Yetishtirilgan mahsulotni kuz-qish mavsumida sifatli saqlash maqsadida yurtingizda katta miqdorda sovutish kameralari qurilayotganidan xabarimiz bor. Bu borada biz o‘z xizmatimizni taklif etmoqchimiz.

Abdumalik Abdullayev, «O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi bosh direktori:

– Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tanqis bo‘lib borayotgan bir paytda yurtimizda bunday mahsulotlarni yetishtirish hajmi yil sayin ortmoqda. Kompaniyamizning chet elda 13 savdo uyi ishlab turibdi. Kelajakda eksport geografiyasini yanada kengaytirish maqsadida Hindiston, Latviya, Belarus kabi davlatlarda savdo uyi ochish rejalashtirilgan.

Joriy yilning birinchi yarmida 50 ga yaqin davlatga 342 ming tonna mahsulot sotildi. Tizimda logistika markazlari tashkil etilgani eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Hozir Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryoda ana shunday tuzilmalar eksportchi korxonalarga yaqindan ko‘mak bermoqda.

Joriy yilgi yarmarka davomida tuzilgan shartnomalar qiymati 1 milliard 200 million dollardan oshdi. Ayni paytda shartnomalar tuzish davom etmoqda.

To‘ra Bobolov, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari:

– Joriy yilning o‘tgan davrida I xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida tuzilgan shartnomalar asosida viloyatimizdan 60 million dollarlik mahsulot xorijga yetkazib berildi. Hozirda viloyatimizda 30 dan ortiq korxona va 28 agrofirma eksport bilan shug‘ullanmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlik subyektlarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, berilayotgan imtiyozlar bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Hindiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston va Rossiya yaqin hamkorlarimiz bo‘lib, ularga sarimsoqpiyoz, dukkakli mahsulotlar, anor va xurmo yetkazib berilmoqda. Eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmini yanada oshirish maqsadida joriy yilda 2 ming gektarda anorzor va yong‘oqzorlar tashkil etildi. Shuningdek, 600 dan ziyod investitsiya loyihasi asosida yangi turdagi muzlatgichlar, qayta ishlash korxonalari barpo etilmoqda.

II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida qariyb 100 million dollarlik shartnoma imzoladik.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 091






Все о погоде - Pogoda.uz