O‘zbekiston – jahon paxta bozorida ishonchli hamkor
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 15-16-oktabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi buni yana bir bor yaqqol tasdiqladi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 15-16-oktabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi buni yana bir bor yaqqol tasdiqladi.Yarmarkada 700 ming tonna O‘zbekiston paxta tolasini sotib olish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 800 million AQSh dollaridan ziyod miqdordagi shartnomalar imzolandi.
Bu galgi Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasiga ham jahon paxta va to‘qimachilik bozorining yetakchi vakillari istiqboldagi masalalarni muhokama etish hamda o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish uchun tashrif buyurdi. Joriy yilda unda qirqdan ortiq davlatdan 1000 dan ziyod firma va kompaniya mutaxassislari ishtirok etdi.
Ular O‘zbekiston va dunyoda paxta tolasi ishlab chiqarish, savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabi paxta sanoatiga taalluqli ko‘plab masalalarni muhokama qilib, o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzdi.
Yarmarka doirasida o‘tkazilgan konferensiyada O‘zbekiston dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi, eksport qilish bo‘yicha beshinchi o‘rinda turishi ta’kidlandi. Joriy yilda ham paxtakorlarimiz mo‘l hosil yetishtirdi. Bu Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi, paxtachilik, qayta ishlash sanoatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish, seleksiya, logistika va boshqa sohalarni takomillashtirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasidir.
Ishlab chiqarish quvvatlarining modernizatsiya qilinib, texnik jihatdan yangilab borilayotgani, tashqi bozorda mahsulot raqobatbardoshligini ta’minlaydigan xalqaro sifat standartlari va texnik reglamentlarning tizimli asosda joriy qilinayotgani bu boradagi muhim yutuqlardandir. Sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar har yili 3 million tonnadan ziyod paxta xomashyosi tayyorlash imkonini berayotir.
«O‘zpaxtasanoat» uyushmasi va «Sifat» markazining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli paxta tolasi va tayyor paxta mahsulotlarini tasniflash tizimining takomillashtirilayotgani tola sifatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Bremen paxta assotsiatsiyasi va Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi yurtimiz dalalarida yetishtirilgan paxta tolasini xalqaro standartlar talablariga javob beradigan zamonaviy HVI tizimi yordamida sertifikatlamoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda paxta zavodlarini modernizatsiya qilish jarayoni davom ettirilib, zamonaviy uskunalar joriy qilinmoqda, yangi korxonalar ishga tushirilmoqda. Xalqaro talablarga muvofiq, paxtani polietilen lentalar va yumshoq konteynerlarni qo‘llagan holda toylashning yangi tizimiga o‘tilmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, paxta tolasini qayta ishlashni kengaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Masalan, 90-yillarda paxta tolasini qayta ishlash hajmi atigi 7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida bugungi kunda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshdi. Yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish rejalashtirilayotir.
Paxtani qayta ishlash bilan bir qatorda shoyi va gilam to‘qish sohasi ham rivojlanmoqda, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlari, matolar, paypoq va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi oshmoqda.
O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida to‘qimachilik sanoati ulushi muntazam ortib borayotir. Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb uch mingta yengil sanoat korxonasining 312 tasi “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradi. Ularning yuzdan ortig‘i yarmarkada o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.
– So‘nggi yillarda paxta va to‘qimachilik yarmarkasida faol ishtirok etib kelmoqdamiz, – deydi “Urganch Baxmal” mas’uliyati cheklangan jamiyatining savdo bo‘yicha menejeri Sherzod Xolmurodov. – Xorijlik hamkorlarga korxonamizda ishlab chiqarilayotgan kalava va aralash ip, gazlama, shuningdek, yotoq anjomlari va maxsus kiyimlarni taklif etdik. Bugungi kunda mahsulotimizning 20 foizdan ortig‘i eksport qilinmoqda. Bu galgi paxta va to‘qimachilik yarmarkasi hamkorlarimizni ko‘paytirish, Polsha, Rossiya va boshqa mamlakatlar tadbirkorlari bilan shartnomalar tuzish imkonini berdi.
“Ideal” brendi ostida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayotgan “Istiqlol tekstil dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham yarmarkaning faol ishtirokchilaridan. Namangan viloyatidagi zamonaviy korxonalardan bo‘lgan ushbu jamiyat ichki va tashqi bozorga ellik turdan ziyod kiyim-kechaklar yetkazib bermoqda.
“Istiqlol tekstil dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyatining logistika bo‘yicha menejeri Rustam Rahimovning so‘zlariga ko‘ra, korxona mahsulotlarining qariyb 50 foizi eksport qilinmoqda. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida ishtirok etish korxonaning eksport salohiyatini oshirish imkonini berayotir. Joriy yilda korxona Rossiyaning “Stil M” to‘qimachilik kompaniyasi bilan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.
Toshkent viloyatida joylashgan “Plasteks” qo‘shma korxonasi kalava, Jizzax viloyatidagi «Jizzax Plasteks» qo‘shma korxonasi sur ip va trikotaj polotno eksport qilmoqda.
– Yarmarkada nafaqat ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, balki yangi loyiha – Bo‘stonliq tumanidagi kalava ishlab chiqaradigan fabrikani ham taqdim etdik, – deydi “Plasteks” qo‘shma korxonasi menejeri Abror Roziqov. – Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning katta qismi Xitoy, Rossiya va Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda. Yarmarkada kalava va polotno yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 30 million dollarlik shartnoma tuzdik.
Yana shuni ta’kidlash joizki, bu galgi Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ishtirokchilarni joriy yildan amalga oshirish boshlangan istiqbolli investitsiya loyihalari bilan tanishtirish imkonini berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreya Prezidentlarining uchrashuvlari davomida erishilgan kelishuvlar doirasida “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan o‘quv-tadqiqot to‘qimachilik texnoparki loyihasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur texnoparkning tashkil etilishi O‘zbekistonda to‘qimachilik ishlab chiqarishini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish uchun ilmiy hamda texnologik resurslardan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.
Yarmarkaning xorijlik ishtirokchilari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligi va bundan manfaatdorligini bildirdi. Ular mamlakatimiz hududlarining investitsiya salohiyati va to‘qimachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimot marosimlarida ishtirok etdi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi «O‘zbekiston» paxtani qayta ishlash zavodi, “Toshkent-tola” paxta terminali va «O‘zteks-Chirchiq» to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi paxta tolasi va to‘qimachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarini yanada rivojlantirish, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar hamda ularning xorijlik hamkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.