O‘zA O`zbek

14.08.2018 17:08 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – investitsiyalar uchun istiqbolli va xavfsiz davlat

O‘zbekiston – investitsiyalar uchun istiqbolli va xavfsiz davlat Davlatimiz rahbarining 2018-yil 1- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni investorlar faoliyatiga bo‘lgan e’tibor va ularning erkin ishlashi uchun zarur yengilliklar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

...AQSHning “Air Products” kompaniyasi ijrochi direktori, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Seyfi Gasemi mamlakatimizga investitsiya kiritish borasida qaror qabul qilganini hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar bilan bog‘lagan. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Rossiyani kompaniya rahbariyati istiqbolli va xorijiy investorlar uchun xavfsiz davlatlar, deb tan olgan.

“Air Products” kompaniyasi “Macro-Advisory” konsalting kompaniyasini jalb qilgan holda dunyoning istiqbolli davlatlarini aniqlash maqsadida mustaqil audit o‘tkazgan. Unga ko‘ra, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kafolatlash, investorlar, ishbilarmonlar huquqini himoya qilish, moliya, sud sohasidagi o‘zgarishlar, eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmini joriy etish borasidagi sa’y-harakatlar samarasida O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda investitsiya kiritish bo‘yicha eng istiqbolli davlatlardan biri, deb topilgan.

Albatta, har bir investor biron bir davlatga sarmoya kiritishi uchun u yerdagi muhitni janob Gasemidek obdon o‘rganib chiqadi. Qonun-qoidasi, yaratilgan sharoit va natijasi esa juda muhim.

Shu ma’noda Prezident farmonida investor talab va istagiga mos qator kafolat va imtiyozlar yaratildi. Masalan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdori 30 foizdan 15 foizgacha, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ustav fondining eng kam miqdori 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha kamaytirildi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik uch yillik viza olish imkoni yaratildi. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdori uch baravargacha tushirildi.

Shuningdek, joriy yilning 1 oktyabridan boshlab investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlarga yer uchastkasi 50 yilgacha ijaraga beriladi. Eng muhimi, unda mahalliy hokimliklarning investorlar bilan ishlash bo‘yicha ham yangi tartibi ko‘rsatib o‘tilgan. Deylik, investor va tadbirkorlik subyekti davlat organi yoki mansabdor shaxs qabul qilgan ma’muriy hujjat asosida ish boshlasa, biroq yuqori organ ushbu qarorni noqonuniy deb topsa, bu holatda tadbirkorga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanib berish imkoniyati yaratildi.

– Mamlakatimizda tadbirkorlarni, xususan, investorlarni har jihatdan qo‘llash, ularga imkoniyatlar yaratish bugunning muhim vazifasiga aylanmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi xodimi Otajon Pirmanov. – Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun mas’ul vakolatli davlat organidir. Qo‘mitamiz o‘z faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, xususan, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya institutlari, chet ellik investorlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Bugungi kunda mahalliy va xorijiy sarmoyadorlarning investitsiyaviy takliflari o‘rganilmoqda. Investitsiya bo‘yicha mavjud muammolarni ijobiy hal etish maqsadida har haftaning payshanba kuni yig‘ilish o‘tkaziladi. Bunda investorlar o‘z rejalari va muammolarini hal etishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Mamlakatimiz sanoatining qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘i bo‘yicha respublika xo‘jalik boshqaruv organi bo‘lgan “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarning aksariyati va tarmoq korxonalari faoliyati ham xorijiy sarmoyalar bilan chambarchas bog‘liq. Bunda yangi quvvatlarni ishga tushirish, yangi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga investitsiya mablag‘ini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Forish tumanida “Mega invest industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida 15,3 million AQSH dollari miqdoridagi chet el investitsiyasi o‘zlashtirilishi evaziga yiliga 3 ming tonna bazalt tolasidan armatura ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichida 10,5 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi hamda 900 tonna bazalt tolasidan armatura ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 90 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Sir emas, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish materiallariga bo‘lgan talabning kundan-kunga ortib borayotgani tufayli bu kabi qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rniga ega. Shu bois yangi quvvat nafaqat mahsulot turining ko‘payishi, balki yangi ish o‘rinlarining yaratilishida muhim omildir.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Mingyuan silu industry” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonasida yiliga 24 million kvadrat metr oyna mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha jami 110 million AQSH dollari o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 56,1 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir.

E’tiborli jihati, korxona nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Bunday imkoniyat korxona faoliyatini kengaytirish va mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishda yaxshi natija beradi. Bezakli qurilish oyna mahsulotlarini Qozog‘iston, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.

Mamlakatimizdagi mavjud imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, yengillik va ustuvorliklardan ularni yetarlicha xabardor qilish ham investitsiyalar oqimining iqtisodiyotimiz tarmoqlari sari yo‘naltirilishida asosiy manbadir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 201