O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlari uchrashuvi
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 4-noyabr kuni O‘zbekiston – Germaniya va Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlarining navbatdagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 4-noyabr kuni O‘zbekiston – Germaniya va Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlarining navbatdagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, mashinasozlik, neft-gaz, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, yuqori texnologiyalar, yengil sanoat, to‘qimachilik, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, farmatsevtika, bojxona, sug‘urta va eksport-import kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi raisi Rustam Azimov, «Claas» kompaniyasi boshqaruvi a’zosi, Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi Yan Xendrik Mor va boshqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ushbu anjuman savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda davlatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama soliqdan qochish, kapital kiritishga ko‘maklashish va o‘zaro himoya qilish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikka oid bitimlar imzolangan. Savdo bo‘yicha eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2014-yilda qariyb 685 million dollarni tashkil etgan. O‘zbekistonda Germaniya sarmoyasi ishtirokida savdo, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, avtomobilsozlik, transport va transport kommunikatsiyalari sohalariga ixtisoslashgan 110 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yurtimizda ushbu mamlakatning 40 ga yaqin yetakchi firma va kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida Germaniya banklari ishtirokida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda ta’sis etilgan ishbilarmonlar kengashlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi serqirra hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu yil 25-fevralda Berlinda mazkur kengashlarning birinchi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda o‘tgan navbatdagi majlisda Germaniya ishbilarmonlariga mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati, investitsiya jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlari, xususiy mulk himoyasi va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Mehmonlar “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar, mashinasozlik, yengil sanoat, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi imkoniyatlar bilan tanishdi.
– Bizning oilaviy kompaniya oziq-ovqat sanoati, xususan, meva-sabzavotni qayta ishlash uchun zamonaviy texnik-uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – dedi Germaniyaning “Kronen” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Shtefan Silgit. – O‘zbekistonga o‘z mahsulotlarimizni taklif etgani va sarmoya kiritgani keldik. Ushbu majlis va Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida O‘zbekiston kompaniyalari bilan samarali muzokara o‘tkazish va mamlakatingiz ishbilarmonlari bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilganmiz.
Anjumanda Germaniyaning qator yirik kompaniyalarining vakillari ishtirok etgani ushbu mamlakatning O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanidan dalolatdir. Germaniyaning «Claas», «Deutsche Kabel», «Knauf», «MAN», «Lemken», «Siemens», «Commerzbank» kabi kompaniyalari va moliyaviy muassasalari vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatini yanada kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.
Majlisda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik hamkorlikni, jumladan, savdo, sarmoya, bank sektori, sanoat, transport va transport kommunikatsiyalari, dori-darmon, yengil sanoat, to‘qimachilik kabi qator sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish va mustahkamlash, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.