O‘zbekiston – Fransiya biznes-forumi
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 11-iyun kuni O‘zbekiston va Fransiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 11-iyun kuni O‘zbekiston va Fransiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, iqtisodiyot, bank-moliya, neft-gaz, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, transport va kommunikatsiyalar, aviasozlik, konsalting xizmati hamda qurilish kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari Shavkat To‘laganov va boshqalar O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganini ta’kidladi. Daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf etish, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, iqtisodiyot, fan-texnika, madaniyat va havo transporti sohalariga oid bitimlar o‘zaro aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda.
Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. 2014-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 287,5 million AQSh dollarini tashkil qildi. Joriy yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 7,1 foizga oshdi. Mamlakatimizda fransiyalik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 14 qo‘shma korxona, Fransiyaning 10 kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatlarimiz makroiqtisodiyot, moliya, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni boshqarish uchun kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham samarali hamkorlik qilmoqda. Yurtimiz olimlari fransiyalik mutaxassislar bilan quyosh energiyasini o‘rganish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, seleksiya kabi sohalarda tadqiqotlar olib bormoqda.
Biznes-forumda Fransiyaning yigirmadan ziyod yetakchi firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etgani mazkur mamlakat ishbilarmonlarining O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi yuqoriligidan dalolatdir.
– Fransiyada O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatiga katta qiziqish bilan qaraladi, – dedi “MEDEF International” Fransiya korxonalari uyushmasi bosh direktorining o‘rinbosari Filipp Gote. – O‘zbekistonda barcha sohalar qatori sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va transport kommunikatsiyalari sohalari izchil taraqqiy etmoqda. Shu va boshqa yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishdan manfaatdormiz. Shuningdek, O‘zbekiston va Fransiya kompaniyalari menejerlari almashinuvini faollashtirish, korporativ boshqaruv bo‘yicha aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro fikr va tajriba almashish niyatidamiz. Mazkur biznes-forum, mamlakatingizning turli vazirlik va idoralarida o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlar o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligimizning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Anjumanda fransiyalik ishbilarmonlarga mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya jalb qilishning ustuvor yo‘nalishlari, O‘zbekistonning yoqilg‘i-energetika, transport va transport kommunikatsiyalari, farmatsevtika, xususiylashtirish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar kabi sohalardagi salohiyati, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, qo‘shma korxonalar sonini va o‘zaro savdodagi mahsulotlar turini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi. Unda Fransiya ishbilarmonlari o‘zbekistonlik sheriklar bilan birgalikda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.
Fransiya delegatsiyasi a’zolari qator vazirlik va idoralarda ham muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.