O‘zA O`zbek

23.04.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston byudjeti pandemiyani yengishga qodirmi? Vazir bu haqda nima deydi?

Oʻzbekiston byudjeti pandemiyani yengishga qodirmi? Vazir bu haqda nima deydi?

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakatimiz aholisi bandligi masalalariga bagʻishlangan yigʻilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor toʻxtalib oʻtgan edi.

34 millionli xalqimizni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan kafolatlangan holda taʼminlash, fuqarolar daromadlarining pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, yordam va koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash bugun muhim vazifa boʻlib turibdi. Buning uchun iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlari barqaror ishlashi shart. Buni davlatimiz rahbari alohida taʼkidladi.

Byudjet tasdiqlanganda pandemiya, karantin boʻlishi hisobga olinmagandi. Lekin kutilmaganda vaziyat yuzaga keldi. Xarajatlar byudjetdan boʻlayapti. Xorijlik shifokorlar, joylarni tayyorlash, karantinda saqlangan fuqarolar ehtiyojini taʼminlash uchun xarajatlar ham qilindi.

Xoʻsh, davlat nima ish qilayapti? Nodavlat tashkilotlarchi?

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov bu borada oʻz fikrini bildirdi:

– Pandemiya qoʻqqisdan, ammo shiddat bilan tarqaldi. 2020-yilgi iqtisodiy rejalarimizda bu hisobga olinmagan. Boshqa mamlakatlar kabi. Lekin vaziyat oʻzgardi. Oʻzbekistonga buni taʼsiri qanday boʻldi. Qiyinchilik boʻlmadimi, degan savol tugʻilishi tabiiy.

Albatta, iqtisodiyotimizga taʼsir qilayapti. Lekin jiddiy muammo yoʻq. Oxirgi yillardagi islohotlar iqtisodiy taraqqiyot uchun boʻldi. Iqtisodiy koʻrsatkichlarimiz oʻsdi. Bu oʻsish mamlakat qudratining kuchayishiga olib keladi. Oxirgi uch yilda oltin zaxiramiz 3 milliard dollarga koʻpaydi. Bu xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham eʼtirof etilayapti. YAIM bu yil birinchi chorakda 4,1 koʻpaydi. Bu rejamizdan biroz past. Hozirgi vaziyatda juda yaxshi. Infliyatsiya 2,8 boʻldi. Oxirgi uch yilda buncha past boʻlmagandi.

Sanoat mahsulotlari 4 foizga, Qishloq xoʻjaligi qariyb 4 foizga koʻpaydi. Yangi prognozlar nima deyapti, deyishingiz mumkin. Yil yakunigacha iqtisodiy oʻsish 1,5-2 foizni tashkil etishi kutilayapti. Inflyatsiya esa oʻtgan yilgidan pastroq boʻlishi kutilayapti. Boshqalarga bu erish tuyular. Ammo bu haqiqat.

Manbasi xalqaro kreditlar qilib belgilangan Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi tuzildi. Mablagʻi 10 trillion qilib belgilandi. Xalqaro banklar bizga yordam berishi haqida ham aytdik. Lekin bu pullarning hammasi hali bizga yetib kelmagan boʻlsada, hozir pulimiz bor. Kuch-qudratimiz bu sinovni yengishga yetadi.

Shifokorlar uchun himoya vositalari, kasalxonalar qurish, jihozlash, yangi klinikalar, karantin majmualari tashkil etish uchun 3,5 trillion mablagʻ ajratildi va sarflanayapti. Hozirgacha esa 600 milliard soʻm homiylik yordami yigʻildi. Tadbirkor Alisher Usmonov, “Uztex”, “Baxt tekstil”, Turkiyadagi “Toshkent trend senter” kabi tashkilotlar homiylik puli ajratdi. “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi orqali 71 milliard mablagʻ yigʻildi.

Hamma tegishli choralar koʻriladi. Pandemiyaga qarshi kurash, salomatlikni asrash uchun Oʻzbekistonning kuchi yetadi.

13 945
B.Meliqulova, A.Abdullayev (surat), OʻzA