O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston boʻylab yangi gʻoyalar amalga oshirilmoqda

Oʻzbekiston boʻylab yangi gʻoyalar amalga oshirilmoqda Fransiyaning nufuzli tahliliy nashri – “Politique internationale” (“Xalqaro siyosat”) jurnalining 160-sonida taniqli siyosatshunos va jurnalist Reji Jantning maqolasi chop etildi. R.Jant shu yil bahorda Oʻzbekistonga kelib, Toshkent shahrida Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan edi.

1 (1).jpgQuyida ushbu maqolaning bayoni eʼtiboringizga havola etilmoqda.

Oʻzbekiston – Markaziy Osiyodagi aholi eng zich yashaydigan mamlakat – 2016-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan soʻng yuqori rivojlanish surʼatlarini namoyon etmoqda, deb yozadi muallif.

Shavkat Mirziyoyev hayotning barcha jabhalari – iqtisodiyot, ijtimoiy tarmoqlar va hatto din sohasini ham isloh qilishni boshladi. Ana shu mislsiz islohotlarning maʼno-mazmuni va maqsadlari 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topdi. Ushbu hujjatda quyidagi beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan:

– davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;

– qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish;

– iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish;

– ijtimoiy sohani rivojlantirish;

– xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi Prezident Oʻzbekiston jamiyati hayotiga “toza havo" olib kirdi.

Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarning bosh gʻoyasi iqtisodiy oʻzgarishlardir, deb hisoblaydi R.Jant. Davlat rahbarining eng muhim qarori – bu milliy valyuta konvertatsiyasi, mahalliy korxonalarga import qilinadigan mahsulotlar boʻyicha toʻlov uchun xorijiy valyutani sotib olishga ruxsat berilgani boʻldi.

Natijalar yaqqol koʻzga tashlanmoqda – Oʻzbekiston kuni kecha Kanadaning “SkyPower” kompaniyasi bilan 1,3 milliard AQSH dollariga teng investitsiya shartnomasini imzoladi. Fransiyaning “Peygeot Citroyon Automotive” kompaniyasi Oʻzbekistonda yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etdi.

2 (1).JPGShavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonga olib kiriladigan tovarlar uchun bojxona soliqlarini sezilarli ravishda pasaytirgani mamlakat tadbirkorlari tomonidan chinakam inqilob sifatida qabul qilindi, deb qayd etadi jurnalist. Bu ishlar butun iqtisodiyotni qamrab olgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, iqtisodiy oʻsishga hamda xalqaro moliya tashkilotlari tavsiyalari asosida bozor iqtisodiyoti yoʻlidan borishga urgʻu bergan holda, makroiqtisodiy barqarorlikni kuchaytirish, soliq stavkalarini pasaytirish va soddalashtirish, qishloq xoʻjaligida, birinchi navbatda, paxtani mamlakatning oʻzida qayta ishlashni koʻzda tutadigan diversifikatsiya jarayonlarini amalga oshirish, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish bilan birgalikda olib borilmoqda. Bunday oʻzgarishlarning barchasi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq vaziyatni tubdan oʻzgartirdi. U migrantlar chet elda qonuniy asosda ishlab, oʻz mamlakatining huquqiy yordamidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun Rossiyada Oʻzbekistonning toʻqqizta vakolatxonasini ochmoqda.

Prezident oʻrta va kichik korxonalarga katta ishonch bilan qaramoqda. Uning fikriga koʻra, xususiy sektor – iqtisodiy oʻsishning asosiy yoʻnalishidir.

Oʻzbekiston yetakchisi “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” degan tamoyilni ilgari surdi, deb oʻz fikrini davom ettiradi maqola muallifi. Prezident ushbu tamoyilni hayotga qatʼiy joriy etishiga odamlar toʻliq ishonmoqda. Mamlakatdagi vaziyat tubdan oʻzgardi. Odamlar erkinlik muhitini tobora koʻproq his etmoqda.

Oʻzbekistonda ommaviy axborot vositalari faollashmoqda. Jurnalistlar mamlakatdagi haqiqiy ahvolni yorita boshladi. Bugungi kunda ular hatto zamon bilan hamqadam boʻlib, davlat rahbarining islohotlar sohasidagi barcha amaliy harakatlarini yoritib borishga ulgurmasdan qolmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqni oʻz muammolari haqida ochiq gapirishga chaqirmoqda. Aynan shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi tashkil etildi, unga aholi davlat apparati ishidagi kamchiliklar boʻyicha oʻz shikoyatlari bilan murojaat qilishi mumkin. Ushbu murojaatlarga davlat organlari toʻrt kun ichida toʻliq javob berishi shart.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning din sohasidagi siyosati yanada koʻproq eʼtiborga sazovordir. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent shahrida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Davlat moʻʼtadil, bagʻrikeng va maʼrifiy islom tarafdori boʻlib maydonga chiqmoqda.

Oʻzbekiston yetakchisi tashqi siyosat sohasida mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini tiklashniustuvor yoʻnalish, deb eʼlon qildi. Masalan, uning Qirgʻizistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi tarixiy voqea sifatida tan olindi. Ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan natijalar kutilganidan ham ziyoda boʻldi. Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonda yirik gidroelektr stansiyalar qurish boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish haqidagi takliflari bilan hammani hayratda qoldirdi.

Ayni shu jihatdan qaraganda, Oʻzbekiston Prezidentining shu yil mart oyida Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi yanada koʻproq tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Tomonlar ikki davlat chegaralarida yangi oʻtkazish punktlarini ochish haqida kelishib olishdi va iqtisodiyot sohasida bir qator bitimlarga imzo chekishdi.

Shuningdek, Qozogʻiston va Turkmanistonga amalga oshirilgan tashriflar ham ochiq muloqot va ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni hal etishga intilish ruhida oʻtdi.

Oʻzbekiston Prezidenti mintaqaviy darajada ham tashabbusni oʻz qoʻliga olmoqda. Uning yangicha siyosatidagi yorqin voqealardan biri 2018-yil 27-martda Toshkent shahrida yuqori darajadagi 27 ta xorijiy davlat delegatsiyalari, jumladan, Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Federika Mogerini, Rossiya, Pokiston, Turkiya va boshqa davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyaning oʻtkazilgani boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda davlat rahbarligiga kelgan kundan eʼtiboran boshlagan islohotlarning koʻlami va miqyosidan faqat hayratlanish mumkin, deb yozadi R.Jant. Atigi 2 yil avval iqtisodiy proteksionizmga barham beriladi va milliy valyuta konvertatsiyasi tiklanadi, deb kim oʻylagandi? Mahalliy jurnalistlarning bunchalik faol boʻlishini kim tasavvur qila olardi? Davlatning din sohasidagi siyosati eʼtiqod erkinligini mustahkamlashga koʻmaklashadi, deb kim xayolga keltirgan edi? Tojikiston va Qirgʻiziston bilan munosabatlar shunchalik qisqa fursatda yaxshilanadi, deb kim oʻylashi mumkin edi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev oldinga qarab bormoqda. U agar xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi, degan gʻoyasi toʻgʻri ekaniga qatʼiy ishonadi.

Oʻzbekiston boʻylab yangi gʻoyalar amalga oshirilmoqda. Butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va taraqqiyoti hamda Rossiya, AQSH yoki Xitoy kabi yirik davlatlar jalb etilgan manfaatlar kurashining natijasi Shavkat Mirziyoyev islohotlarining muvaffaqiyati bilan bogʻliq, deb xulosa qiladi Reji Jant.