O‘zbekiston bank tizimining xalqaro e’tirofi
Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznesni yuritish – 2015” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo mamlakatlarining yangi reytingini e’lon qildi.
Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznesni yuritish – 2015” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo mamlakatlarining yangi reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston qulay ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari bo‘yicha so‘nggi bir yilda 8 pog‘ona ko‘tarildi. “Kredit olish” indikatori bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari bundan-da yuqori o‘sishi ta’minlandi – o‘tgan yildagiga nisbatan 26 pog‘ona ilgariladi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ular faoliyatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishda mustahkam zamin bo‘lmoqda. Bu borada O‘zbekiston erishayotgan natijalar nufuzli xalqaro moliya institutlari tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
Dunyoning ba’zi mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sezilarli pasayishi, ayrim rivojlangan davlatlar va yirik moliya institutlarining reyting baholari tushishi kuzatilayotgan bir vaqtda mamlakatimiz bank tizimining bunday yuqori baholanishi sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasining yana bir yaqqol ifodasidir. Mamlakatimizda bank tizimi doimiy qo‘llab-quvvatlanishi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit axboroti almashinuvi hamda garov ta’minoti bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan muayyan tajriba to‘plagani reyting bahosining o‘sishiga muhim zamin yaratmoqda.
Mamlakatimizda kredit olish uchun taqdim qilinadigan arizalarni ko‘rib chiqish muddati uch bank ish kuni etib belgilangani, banklarda hisobraqami ochish uchun to‘lov undirish bekor qilingani, eksport-import shartnomalarini sakkiz ish soatida ro‘yxatga olish imkoniyati yaratilgani biznes loyihalarni tez va qulay moliyalashtirish imkonini bermoqda. Tijorat banklari tomonidan so‘nggi o‘n yilda kichik biznes subyektlarini kreditlash hajmi 20 barobardan ziyod o‘sgani buning yorqin dalilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan ma’lum qilishlaricha, iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, yaratilgan qulay makroiqtisodiy sharoitlar bank tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, depozitlar hajmi oshishi va bank kreditlariga bo‘lgan talabning ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida banklar tomonidan kichik biznes subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 7,3 trillion so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p demakdir.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 26-noyabrdagi “2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mamlakatimiz bank-moliya tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq tadbirlar belgilanib, banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ularni xalqaro mezonlar asosida baholash tizimini takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining bu xulosasi O‘zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritishning tobora takomillashib borayotganini tasdiqlovchi yana bir e’tirofdir.