O‘zA O`zbek

23.01.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston – Afgʻoniston: qurilish materiallari boʻyicha hamkorlik mustahkamlanmoqda

Oʻzbekiston – Afgʻoniston: qurilish materiallari boʻyicha hamkorlik mustahkamlanmoqda

“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatida birinchi oʻzbek-afgʻon qurilish materiallari sanoati biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Afgʻonistonning yirik qurilish kompaniyalari ishtirok etgan forumda “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Botir Zaripov va boshqalar ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlar barcha sohalar qatori qurilish sanoati ravnaqida ham alohida ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

photo5348095652552354330.jpg

– Davlatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy sohadagi munosabatlar faol rivojlanmoqda, – dedi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati bozor konʼyunkturasini oʻrganish, marketing va eksport shoʻbasi boshligʻi Rustam Saʼdinov. – Isteʼmol bozorini zamonaviy qurilish materiallari bilan bilan toʻldirish, mavjud talabni toʻliq qondirish va ularni qoʻshni mamlakatlar, shu jumladan, Afgʻonistonga yetkazib berish maqsadida hukumatimiz tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida qoʻshni mamlakatlarni ham qurilish mahsulotlari bilan taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish imkoniyati yaratilmoqda.

Qayd etilganidek, 2017-2020 yillarda qurilish industriyasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan. Unga koʻra, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, raqobatbardosh, eksportga yoʻnaltirilgan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish borasida izlanishlar olib bormoqda.

photo5348095652552354327.jpg

Ayni paytda “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tizimida sement va bogʻlovchi materiallar, qurilish oynasi, keramik buyumlar, devorbop materiallar, tabiiy toshlarni qazib olish, qayta ishlash, boshqa qurilish va pardozbop materiallari ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, loyiha ilmiy-tadqiqot instituti, geologiya qidiruv tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

– Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlari mushtarak tarixga ega, – dedi Afgʻoniston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Ahmad Navid Barat. – Keyingi ikki yilda Shavkat Mirziyoyevning Afgʻonistonga boʻlgan munosabati va olib borayotgan tashqi iqtisodiy siyosati eʼtiborga loyiqdir. Bugungi biznes-forum ham shunday ezgu niyatlar bilan hamohang boʻlib, oʻzbek va afgʻon ishbilarmonlari hamkorligini yoʻlga qoʻyish hamda iqtisodiy sohalarda munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari namoyishiga bagʻishlangan koʻrgazma ham tashkil etildi.

5 771
Nasiba Ziyodullayeva, Asqar Yoqubov (surat), OʻzA