O‘zA O`zbek

23.05.2019 21:13 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekiston –Afgʻoniston” chegaraoldi savdo zonasi ish boshladi

“Oʻzbekiston –Afgʻoniston” chegaraoldi savdo zonasi ish boshladi

Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida oʻzbek-afgʻon biznes forumi oʻtkazildi.

Forum doirasida dastlab Termiz tumanidagi “Termiz kargo” eksport markazida tashkil etilgan “Oʻzbekiston – Afgʻoniston” chegaraoldi savdo zonasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi davlat idoralari hamda xususiy sektor vakillari ishtirokidagi tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari B.Abidov, Afgʻoniston Islom Respublikasi sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari M.Yurish ikki qoʻshni mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik, hamkorlik aloqalari soʻnggi yillarda yangi bosqichda rivojlanayotganini alohida taʼkidladi. Chegaraoldi savdo zonasi Oʻzbekiston va Afgʻoniston ishbilarmonlarining hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydigan oʻziga xos doʻstlik koʻprigi vazifasini oʻtashiga ishonch bildirildi.

Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar davlatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, savdo, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq chegaraoldi savdo zonasida ham qoʻshni davlat ishbilarmonlari uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratildi. Bojxona terminali, keng, shinam mehmonxona, restoran va boshqa shoxobchalar afgʻon ishbilarmonlari xizmatida. Hujjatlarning “Bir darcha” tamoyili asosida taqdim etilishi rasmiylashtirish jarayonini hech qanday toʻsiqlarsiz, tez va sifatli amalga oshirishda muhim oʻrin tutadi.

Bu yerdagi pavilyonlarda yon qoʻshni davlat uchun oziq-ovqat, yengil, charm-poyabzal, farmatsevtika, qurilish, avtomobilsozlik va boshqa sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan uch yuz turdan ortiq tayyor mahsulot koʻrgazmaga qoʻyilgan. Marosim yakunida mehmonlar ana shu mahsulotlar bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida boʻlib oʻtgan biznes forumda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, Afgʻoniston Islom Respublikasi sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari M.Yurish, Afgʻoniston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Abdul Rahim Abdul Rahmon va boshqalar keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida yoʻlga qoʻyilayotgan doʻstlik, oʻzaro hamkorlik aloqalari Afgʻonistonni barqaror rivojlantirish uchun muhim qadam boʻlayotganini alohida qayd etdi.

Oʻtgan yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, barqaror rivojlanishiga koʻmaklashishning yangi bosqichini boshlab berdi. Dunyo hamjamiyatini afgʻon yurtida tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishga undadi. Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining oʻn sakkizinchi majlisida Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari muzokara oʻtkazib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanatar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlashning muhim masalalarini muhokama etgani ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi uzoq tarixga ega aloqalarni har taraflama mustahkamlashga xizmat qildi.

Oʻzbekiston qoʻshni davlatda yirik loyihalarni amalga oshirib, temir yoʻl tarmogʻini barpo etgan. Elektr energiyasi yetkazib bermoqda. Termizda Afgʻonistonning konsullik idorasi, Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyat yuritmoqda. Ixtisoslashtirilgan shifoxonada yon qoʻshni davlat fuqrolarining salomatligini tiklashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Afgʻon fuqarolariga mamlakatimizda yaratilayotgan bunday qulayliklardan samarali foydalanishi uchun ixchamlashtirilgan viza tartibi joriy etildi. Bu kabi yaqin doʻstlik, qoʻshnichilik muhitida ikki mamlakat ishbilarmonlari doirasining teng sheriklikka asoslangan aloqalari rivojlanib bormoqda. Xususan, oʻtgan yili Termiz shahrida “Ochiq Janub” deb nomlangan Surxondaryo viloyatining investitsion, eksport va turizm salohiyatini yoritishga bagʻishlangan xalqaro biznes forumda koʻplab afgʻon tadbirkorlari ishtirok etib, bir qator ikki tomonlama shartnomalarni imzolagan edi. Shuningdek, “Termiz kargo” eksport markazida boʻlib oʻtgan ikki davlat idoralari va tadbirkorlar vakillari oʻrtasidagi muloqotda ham oʻzbekistonlik va afgʻonistonlik ishbilarmonlar koʻplab sohalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish yuzasidan ikki tomonlama manfaatli kelishuv shartnomalarini tuzgan edi.

– Mazkur forum ana shu tadbirlarning mantiqiy davomidir, – deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi B.Mardayev. – Viloyatda afgʻonistonliklar sarmoyasi asosida tashkil etilgan 144 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda oʻz biznesini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻygan. Bunda albatta yurtimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti muhim oʻrin tutmoqda.

Oʻtgan yili viloyatda Afgʻoniston kapitali asosida umumiy qiymati 7,3 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida qiymati 6,6 million dollar miqdoridagi xorij investitsiyasi jalb etilgani ham bunga yaqqol dalildir.

2019-2020 yillarda afgʻonistonlik ishbilarmonlar hamkorligida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya ishtirokida umumiy qiymati 30 million dollarlik 14 ta loyihani amalga oshirish moʻljallanmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Afgʻoniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va toʻqimachilik mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xoʻjaligi texnikasi, mineral oʻgʻitlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Yilning oʻtgan davrida yon qoʻshnimizga Surxondaryo viloyatidan 17 million dollarlik meva-sabzavot, tuxum, osh tuzi va boshqa sanoat mahsulotlari eksport qilindi.

– Zamonaviy xorij uskunalari bilan jihozlangan korxonamizda qirqdan ortiq turdagi arzon, sifatli chinni buyumlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi “Surxon Termiz Chinni” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari R.Neʼmatullayev. – Afgʻon doʻstlarimiz mahsulotlarimizga alohida qiziqish bildirib, oʻzaro manfaatli savdo aloqalarini yoʻlga qoʻydi. Ikki yildan buyon ularning buyurtmasi asosida turli chinni buyumlar tayyorlab berayapmiz. Shu yilning oʻtgan davrida 10 ming dollardan ortiq tayyor mahsulotni Afgʻonistonga eksport qildik.

Mutaxassislarning fikricha, Afgʻoniston mamlakatimiz uchun eng yaqin, eng ishonchli va eng yirik bozorlardan biridir. Oʻzbekistonning rivojlangan sanoati, transport va energetika sohasidagi salohiyatiga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qoʻshni davlatda ehtiyoj bor. Shunga asosan Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar belgilab olingan. Ayni paytda temir yoʻl, tranzit va boshqa toʻlovlarning tarif narxlarini tushirib, tovar ayirboshlash hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

– Oʻzbek va afgʻon xalqi bir daryoning ikki qirgʻogʻida joylashgan ogʻa-inilarmiz, – deydi Afgʻoniston Islom Respublikasi “Oybegim” uyushmasi rahbari Xalilyor Frozan. – Uyushmamiz ayollar manfaatlarini himoya qiladi. Davlatlarimiz rahbarlari yaratayotgan imkoniyatlardan foydalanib, oʻzbek ayollari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarish, savdo-madaniyat va boshqa sohalarda manfaatli hamkorlik qilishni istaymiz. Bizning mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni tiklashga koʻmaklashish uchun bel bogʻlagan Oʻzbekistondan behad minnatdormiz.

Forum doirasida mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilarining taqdimotlari oʻtkazildi. Ikki davlat ishbilarmonlarining B2B shaklidagi uchrashuvlarida muzokaralar tashkil etilib, oʻzaro manfaatli hujjatlar imzolandi.

Mehmonlar viloyatning tarixiy obidalarini ziyorat qildi.

Biznes forumda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yo.Shodmonov soʻzga chiqdi.

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA
867