Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 14:29 Chop etish versiyasi

«O‘zbekinvest»: har oyda o‘rtacha 700 sug‘urta da’vosi ko‘rib chiqilmoqda

Mamlakatimizda tadbirkorlik bilan bir qatorda sug‘urta xizmati izchil rivojlanmoqda. Bunday xizmatlar hajmi kun sayin kengayib, yuksalib bormoqda. Misol uchun, «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi 2016-yilda 8 ming 250 dan ziyod sug‘urta da’vosi asosida 15 milliard so‘m sug‘urta badali to‘lab berdi. Shundan 10,6 milliard so‘mi yuridik shaxslar, 4,4 milliard so‘mi jismoniy shaxslar ulushiga to‘g‘ri keladi.

Kompaniyaning axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, amalga oshirilgan sug‘urta qoplamalarining 55 foizi yoki 8,3 milliard so‘mi majburiy sug‘urtaga, 45 foizi yoki 6,7 milliard so‘mi ixtiyoriy sug‘urta turlariga to‘g‘ri keladi. Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, har oyda o‘rtacha qariyb 700 sug‘urta da’vosi ko‘rib chiqilganini kuzatish mumkin. To‘langan badallarning asosiy qismi avto sug‘urta, xavfli ishlab chiqarish obyektlari sug‘urtasi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug‘urta, ipoteka  sug‘urtasiga yo‘naltirilgan.

Sug‘urta kompaniyalari uchun sug‘urta hodisasi yuz berganda mijozlarning da’volarini imkon qadar tez ko‘rib chiqib, sug‘urta badallarini o‘z vaqtida to‘lab berish ularning nufuzini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.  Inson  manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning hayoti, salomatligi va mol-mulkini asrashga ko‘maklashish maqsadida  «O‘zbekinvest» kompaniyasi tizimida "Ishonch telefoni", tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mijozlarga sug‘urta masalalari yuzasidan, jumladan, sug‘urta shartnomalari tuzishda va sug‘urta hodisalari bo‘yicha zarur hujjatlarni jamlashda doimiy ko‘mak beruvchi axborot-maslahat guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu axborot-maslahat guruhlari kompaniyaning markaziy apparati va hududiy filiallarida o‘z faoliyatini ko‘rsatmoqda.

Axborot-maslahat guruhlari sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish qoidalari, sug‘urta tovonini to‘lash tartiblari yuzasidan tushuntirishlar berib, talab etiladigan hujjatlarni jamlashda hamda ularning tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishida ko‘maklashmoqda. 

Kutilmagan tasodiflardan hech kim himoyalangan emas. Har bir insonning xavfsizlik qoidalariga to‘la amal qilishi va o‘z mol-mulkini sug‘urtalab qo‘yishi oilalar mustahkamligiga xizmat qiladi. 

Sayyora Shoyeva, O‘zA
433






Все о погоде - Pogoda.uz