Yerlarning meliorativ holati yaxshilanmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va suvdan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va suvdan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 19-aprelda qabul qilingan “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilayotir.
O‘tgan yili 652 kilometr xo‘jaliklararo kanal, 4 ming kilometrdan ortiq ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlari qazildi. 2 ming 636 gidrotexnik inshoot va suv o‘lchash posti ta’mirlanib, suv sathini o‘lchovchi qurilmalar o‘rnatildi.
– Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda, – deydi Quyi Amudaryo irrigatsiya tizimlari havzasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari D.To‘liboyev. – Dasturga muvofiq shu yilning dastlabki olti oyida 416,9 kilometr uzunlikdagi magistral va xo‘jaliklararo kanallarni qazish, 168 gidrotexnik inshoot va 115 suv o‘lchash postlarida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi. Fermer xo‘jaliklarining 2 ming 500 kilometrdan ortiq ichki sug‘orish tarmoqlari tozalandi.
Yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida yettita irrigatsiya obyektida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 12 milliard 414 million so‘m mablag‘ ajratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida 8 milliard so‘mlikdan ortiq ish bajarilib, 22,5 kilometr uzunlikdagi kanal va 52 suv o‘tkazuvchi qurilma rekonstruksiya qilindi.