Neft-gaz sanoati imkoniyatlari namoyish etilmoqda
“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.Mazkur nufuzli forum “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va “ITE” kompaniyalar guruhi hamkorligida tashkil etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri neft-gaz sohasini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biridir. O‘zbekiston gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi mamlakatlar qatorida turadi. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz gaz, polietilen va qayta ishlangan neft mahsulotlarining yirik eksportchisiga aylandi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiy taraqqiyot, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va jalb qilinayotgan investitsiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Neft-gaz va neft-kimyo sanoatida tabiiy gaz va gaz kondensatini qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va ularning turini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Dasturga muvofiq “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 15,8 milliard dollarga teng ellikdan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” unitar sho‘ba korxonasida gaz-kimyo majmuasini barpo etish, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi xomashyo bazasida uglevodorodlar pirolizi ishlab chiqaradigan yangi zavodni qurish, O‘zbekiston – Xitoy gaz quvurining to‘rtinchi tarmog‘ini barpo etish, “O‘zbekkimyomash” zavodining yirik va og‘ir neft-gaz-kimyo uskunalarini ishlab chiqaradigan quvvatlarini kengaytirish, plastik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, geologiya-qidiruv ishlari uchun yuqori texnologiyali uskunalar xarid qilish kabi yirik loyihalar shular jumlasidandir.
Har yili o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimiz neft-gaz sanoatining ulkan salohiyatini namoyon etish barobarida sohaga xorij sarmoyasini keng jalb etish, chet ellik hamkorlar bilan birgalikda yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qulay zamin yaratmoqda. Yigirmanchi bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro forumda O‘zbekiston, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Norvegiya, Avstriya, Shveytsariya, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Umon, Indoneziya, Malta kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
– Kompaniyamiz neft-gaz va energetika sohalari uchun turbogeneratorlar ishlab chiqarish va o‘rnatishga ixtisoslashgan, – deydi Italiyaning “Turboden” kompaniyasi direktori Paolo Bertuzzi. – Mahsulotlarimizdan foydalanish energetika samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Yuksak sur’atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekiston bozori biz uchun g‘oyat qiziqarli. Qator xalqaro moliya muassasalari O‘zbekistonning neft-gaz va energetika sohalariga sarmoya kiritib, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotgani mamlakatingiz bu yo‘nalishda katta salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan iqtisodiyotni erkinlashtirish, uning barcha sohalarini, jumladan, neft-gaz tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan qulay sarmoyaviy muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada yangi inshootlarni barpo etish, mavjudlarini zamon talablari asosida rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish ishlari jadal davom etmoqda. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ichki bozorda mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, korxonalararo kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi zavodlarda neft qayta ishlanib, benzin, dizel yonilg‘isi, mazut, neft moylari, bitum, aviakerosin kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Gazni qayta ishlash majmualarida suyultirilgan gaz, polietilen va polipropilen ishlab chiqarish hajmi tobora oshmoqda. Mazkur mahsulotlar xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
– Har yilgidek bu galgi ko‘rgazma ham muhim voqealarga boy, – deydi “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi huzuridagi “NefteGazInvest” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Husniddin To‘rayev. – So‘nggi yillarda O‘zbekiston neft-gaz sanoatida chet ellik hamkorlar bilan ko‘plab yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat soha rivojiga, balki mamlakatimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ushbu xalqaro ko‘rgazma doirasida yosh olimlar anjumanini ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qator oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etadigan mazkur tadbir yosh olimlar o‘rtasida neft va gaz sanoatida erishilayotgan yutuqlar va yangi innovatsion loyihalar xususida o‘zaro fikr almashish va bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish imkonini beradi.
“OGU-2016” ko‘rgazmasi mutaxassislarga neft va gaz qazib olish, uglevodorodlarni tashish, qayta ishlash borasida milliy va xorijiy kompaniyalar erishgan eng so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma pavilyonlaridan neft va gaz qazib olish, qayta ishlashni jadallashtirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar joy olgan. Jahonning yetakchi neft-gaz kompaniyalari neft va gazni tashish texnologiyalari, neft-gaz konlarini qidirish va o‘zlashtirish, geodinamika, geofizika hamda uglevodorod salohiyatiga oid ishlanmalar bo‘yicha o‘zlari erishgan eng so‘nggi yutuqlarni namoyish etmoqda.
Xalqaro ko‘rgazmada neft va gaz qazib olish (texnologiyalar va uskunalar), neft va gaz quduqlari: qurish va foydalanish, neft va gazni qayta ishlash, saqlash va tashish, neft kimyosi, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, neft va gaz sanoati inshootlarini loyihalashtirish va barpo etish, geologiya, geofizika, seysmik uskunalar va xizmatlar, quvurlar, gaz turbinalari, ixtisoslashtirilgan materiallar va uskunalar, nazorat-o‘lchov asboblari, texnika xavfsizligi hamda yong‘indan himoya, ekologik xavfsizlik, muqobil energetika, sanoat avtomatizatsiyasi, xizmatlar, aloqa va telekommunikatsiyalar kabi bo‘limlar ishlab turibdi.
– Kompaniyamiz neft-gaz sanoati tarmoqlari uchun ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi, – deydi Xitoyning “Karamay Xinkeao Petrolium Technological” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Shao Yu. – Neft-gaz sanoati sohasidagi muhim tadbir hisoblangan ushbu ko‘rgazma o‘zbekistonlik sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish imkonini berayotganidan g‘oyat mamnunmiz. O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritish uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar mavjud. Shu bois kompaniyamiz mamlakatingizdagi turdosh korxonalar bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi.
“OGU-2016” ko‘rgazmasi doirasida “Uz-Prista Recycling” O‘zbekiston – Bolgariya qo‘shma korxonasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. “Angren” maxsus industrial zonasida barpo etilgan mazkur korxona motor, tishli g‘ildirak va reduktorlar uchun moylar, gidravlika suyuqliklari va bitum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavod yiliga 43 ming tonna ishlatilgan texnik moyni qayta ishlash orqali 30 ming tonnagacha moy ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotning qariyb 40 foizi eksportga mo‘ljallanmoqda.
Neft-gaz forumi doirasida «O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i: texnologiyalar, investitsiyalar va taraqqiyot» mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Unda mamlakatimiz neft-gaz sanoatining bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, uglevodorod bazasini kengaytirish omillari, sohadagi yangi tendensiyalar, O‘zbekiston neft-gaz sohasining sarmoyaviy salohiyati, bu boradagi xalqaro hamkorlik, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish usullari kabi dolzarb masalalar muhokama etiladi.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov, Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri B.Borisov so‘zga chiqdi.