O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyatida mahsulot eksporti sezilarli oʻsmoqda

Navoiy viloyatida mahsulot eksporti sezilarli oʻsmoqda

Bugungi kunda mamlakatimizda eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Eksport jarayonida tadbirkorlarga berilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, sertifikat va ruxsatnomalar olish jarayonidagi soddalashtirilgan tizim shular jumlasidan.

Natijalar esa oʻz samarasini koʻp kuttirayotgani yoʻq. Statistik maʼlumotlarga koʻra, birgina Navoiy viloyati misolida eksportda sezilardi oʻsishga erishilgan. Xususan, joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida viloyat tadbirkorlari tomonidan qiymati 19,4 million dollarga teng meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 17,6 foizga koʻpdir.

Oʻtgan davr mobaynida viloyatdan mayiz, bodom, piyoz, pomidor, oʻrik, loviya, uzum kabi jami 42 turdagi mahsulot eksport qilingan. Hududlarning tabiiy iqlimi, hududi, unumdor yerlari miqdori inobatga olinsa Navoiyning eksport salohiyati juda yuqori ekani oydinlashadi.
Shu boisdan bojxonachilar tomonidan bevosita hududlarga chiqqan holda eksportyor korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish, ularga amaliy yordam koʻrsatish va eksport faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan tadbirkorlar bilan targʻibot-tashviqot tadbirlarini oʻtkazish ishlari doimiy ravishda amalga oshirilmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yilda Xatirchi tumanda 331 gektar maydonga sabzavot, 118 gektar maydonga poliz mahsulotlari, 1 ming 163 gektar maydonga kunjut va tariq kabi takroriy ekin ekilgan. Bundan tashqari, hududda yetishtiriladigan mayizlar butun dunyoga mashhur. Ayni paytda tumandan shu kabi mahsulotlar hosilini yigʻib, eksport qilish ishlari jadal olib borilmoqda. Ayniqsa, “Omonov Dilmurod bogʻi”, “Murodullo bobo dalasi”, “Elyor Qoʻldosh saxovati” va “Zar Muqaddas barhayot” fermer xoʻjaliklari eksport faoliyati boʻyicha ishlarni kengaytirishda oʻrnak koʻrsatmoqda.

Albatta, bu kabi saʼy-harakatlar hudud eksport salohiyatini oshirishda oʻzining ijobiy samarasini beradi.

экспорт 2.jpg

2 939
A.Musayev, OʻzA