O‘zA O`zbek

29.04.2020 Chop etish versiyasi

Natijasini olish uchun endi poytaxtga kelish shart emas

Natijasini olish uchun endi poytaxtga kelish shart emas

“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali oʻtkazilgan elektron savdolarda gʻolib boʻlgan fuqarolar ayrim savdo natijalari boʻyicha bayonnomalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali olish imkoni yaratildi.

Avval “E-IJRO AUKSION” orqali oʻtkazilgan elektron savdo gʻoliblari bayonnomani olish uchun pochta xizmatlaridan foydalanishiga yoki minglab chaqirim yoʻl bosib Toshkent shahriga kelib-ketishga majbur boʻlishardi. Bu, esa, albatta ancha noqulayliklar tugʻdirar edi.

Natijada, fuqarolar oltinga teng boʻlgan vaqti va mablagʻini poytaxtga kelib-ketish uchun behudaga sarf qilishga majbur edi.

Hozir esa, fuqarolar istalgan Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurib yoki elektron tarzda my.gov.uz roʻyxatdan oʻtib, STIR va lot raqamini taqdim etishlari kifoya.

Natijasi boʻyicha avtomatik ravishda QR-kodli blankada tadbirkorlik qilish va yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari boʻyicha elektron savdo gʻolibligi toʻgʻrisidagi bayonnoma chop etiladi va oʻsha vaqtning oʻzida fuqaroga taqdim etiladi.

Ushbu bayonnoma yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun esa, shu vaqtning oʻzida Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali ariza berish ham mumkin.

Yaʼni, bir harakat bilan ikkita ishni hal qilish imkoni yaratildi.

Tez orada “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali oʻtkazilgan barcha elektron savdo gʻoliblariga xuddi shu tartibda bayonnomalar berilishi joriy etiladi.

Ushbu imkoniyatlar karantin davrida aholi va tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan yana bir qulaylik boʻlib, oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyishda va rivojlantirishda qoʻshimcha ragʻbat boʻlishiga ishonchimiz komil.

13 922
OʻzA