O‘zA O`zbek

20.07.2020 Chop etish versiyasi

Narx-navo oshib ketmasligi uchun shaffof tizim yaratilmadi. Nega?

Narx-navo oshib ketmasligi uchun shaffof tizim yaratilmadi. Nega?

2020-yil 20-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston XDP fraksiyasining videomuloqot shaklidagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining I yarim yillikdagi ijrosi natijalari haqidagi Hukumat hisobotini muhokama qildi.

Davlat dasturi ijrosi doirasida umumiy qiymati 18,2 trln. soʻm va 10,3 mlrd. AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Yigʻilishda alohida taʼkidlandiki, koronavirus bilan bogʻliq pandemiya dunyo davlatlari, jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyotini qiyin sinovlarga duchor qildi, turli loyiha va rejalarni amalga oshirish imkoniyatlarini pasaytirdi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi 2020-yilda jahon iqtisodiyotining 4,9 foizga kamayishini prognoz qilmoqda.

Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari Davlat dasturi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni eʼtirof etgan holda, foydalanilmayotgan imkoniyatlar va ayrim kamchiliklarni alohida qayd etishdi.

Deputatlar hududlarga chiqib bevosita oʻrganishlar oʻtkazganda pandemiyaga qarshi kurashish va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ajratilgan mablagʻlar samaradorligi boʻyicha koʻplab savollar, asosli shikoyatlar bildirilmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga hozirgacha 1,7 trln. soʻm, boshqa manbalarni ham qoʻshib hisoblaganda 6,4 trln. soʻm mablagʻ sarflangan. Ammo bu mablagʻlardan samarali foydalanilishini nazorat qilish boʻyicha joylarda tezkor ish olib boradigan tizim yoʻlga qoʻyilmagan.

Isteʼmol mahsulotlari va dori vositalarining narxlari asossiz oshib ketishining oldini olish yuzasidan elektron nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi berilgan edi. Lekin, bugungi kunga qadar ushbu yoʻnalishda ham shaffof tizim yoʻlga qoʻyilmagan.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi bu kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, shuningdek, mablagʻlardan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida “Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida”gi qonunni tezroq qabul qilish zarur, deb hisoblaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda “yashirin iqtisodiyot” 40-50 foizni tashkil qilmoqda. Davlat dasturining 71 bandiga muvofiq, xorijiy mutaxassislar ishtirokida “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini tahlil qilish va unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlash vazifasi qoʻyilgan. Berilgan hisobotda ushbu band bajarilgan, deb koʻrsatilgan.

Bunday oʻta muhim hujjatning tayyorlanish jarayonidan nafaqat aholi, balki parlament aʼzolari ham tanish emasligi taʼkidlandi. Fraksiya aʼzolari “yashirin iqtisodiyot”ning mamlakatimiz hamda jamiyatimiz uchun xavflilik darajasini inobatga olgan holda, uning vujudga kelish omillarini tahlil qilish va unga qarshi kurashish dasturini keng muhokamalar asosida tasdiqlash lozim, degan qatʼiy pozitsiyani bildirishdi.

Fraksiya aʼzolari partiya dasturiy maqsadlari, elektorat manfaatlari nuqtai-nazaridan juda muhim boʻlgan yana bir masalani qayd etishdi. Hududlarda kambagʻallikka qarshi samarali kurashish va shunga ajratilgan mablagʻlardan unumli foydalanish uchun birinchi navbatda kambagʻallikning aniq mezonlari qonun bilan belgilab berilishi zarur.

Deputatlar Davlat dasturi ijrosi haqidagi hisobot, shuningdek, saylov okruglaridagi oʻrganishlar jarayonida aniqlangan, Dasturning sifatli bajarilishiga bevosita aloqador boʻlgan holatlar boʻyicha yuzaga kelgan savollariga hukumat aʼzolaridan javob olishdi.

Davlat dasturi ijrosida kuzatilayotgan ayrim xato-kamchiliklar boʻyicha qatʼiy fikr-mulohazalar bildirildi, baʼzi masalalarda qizgʻin bahs-munozaralar boʻldi.

Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati

14 115
O'zA