O‘zA O`zbek

24.09.2018 Chop etish versiyasi

“Narimteks”ning yangi loyihasi

“Narimteks”ning yangi loyihasi

Margʻilon shahridagi “Narimteks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan junli matolarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi asosida 8 million dollarlik investitsiya jalb etilmoqda. Bu yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va ish oʻrinlari yaratish imkonini yanada oshiradi.

3.JPG

Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida hududlarda ham yirik istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushi koʻpayib bormoqda.

6.JPG

Margʻilon shahridagi “Narimteks” MCHJning yuqori sifatli mahsulotlariga tashqi bozorda ham talab ortmoqda. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu korxonada eksport hajmini oshirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish borasida doimiy izlanishlar olib borilmoqda.

13.JPG

“Narimteks” tashkil etilgan 2008 yilda oddiy tikuv mashinalarida xotin-qizlar liboslari tikilardi. 2012-2015yillarda xitoylik hamkorlar bilan ishlab chiqarish jarayoni modernizatsiya qilindi. Zamonaviy bichish-toʻqish, bezak berish va tikuv mashinalari keltirib oʻrnatildi. Natijada korxona palto, kurtka, kostyum, pidjak kabi mahsulotlari bilan isteʼmol bozorida mustahkam oʻringa ega boʻldi, yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur jamiyatdagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, ichki va tashqi bozorda oʻrin topish uchun mahsulot ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, ishchi-xizmatchilar malakasini doimiy oshirib borish borasida topshiriqlar bergan edi. Mazkur topshiriqlar asosida bu yerda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

– Jamiyatimiz yiliga oʻrtacha 45 ming dona ayollar paltosi ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “Narimteks” MCHJ rahbari Nargiza Aminova. – Prezidentimiz topshirigʻi asosida Toshkent shahrida dizayn markazi ochish harakatidamiz. Unda oʻquv markazi, modalar koʻrgazmasidan tortib, mahsulotlarimizni xorijda targʻib etish uchun ham barcha imkoniyatlar boʻladi. Shuningdek, 2018-2022 yillarda junli matolar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirishni boshladik. Bu yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish imkoniyatini oshiradi.

Ayni kunlarda bu yerda harbiylar, davlat xizmatchilari uchun ham kiyim-bosh ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, bozor konyukturasi oʻrganilib, yangi dizayn asosida mahsulotlar yaratishga muhim eʼtibor qaratilmoqda.

3 928
Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA