Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 17:09 Chop etish versiyasi

Namanganda yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

Namanganda yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasi, Davlat bojxona qo‘mitasi viloyat boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 300 dan ziyod yosh tadbirkor, fermer va hunarmandlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida so‘zlagan ma’ruzsida belgilab berilgan vazifalar Vatanimiz kelajagiga daxldor mazkur siyosatni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi zimmasiga o‘z faoliyatini tubdan qayta qurish, davr talabiga mos, yoshlarni xalqimiz va Prezidentimiz ishonchiga amaliy faoliyat bilan munosib javob beradigan yetuk, fidoyi shaxslar etib tarbiyalash vazifalari qo‘yildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi raisining o‘rinbosari M.Ubaydullayev. – Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ana shunday keng ko‘lamli vazifalar doirasida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskor yoshlarning intilish va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishdir.

Muloqotda iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislari tomonidan yurtimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan keng sharoitlar, bank, soliq va bojxona imtiyozlari hamda ulardan foydalanish tartib-qoidalari haqida atroflicha tushuncha berildi, faoliyat boshlayotgan yosh tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar o‘rganildi va aksariyatiga yechim topildi.

– Bolalar kiyimlari ishlab chiqarish bo‘yicha biznes loyihamni ro‘yobga chiqarish, ya’ni sex qurish uchun yer kerak edi, – deydi Namangan shahridan yosh tadbirkor N.Yusupova. – Ushbu masala bo‘yicha murojaatim shu yerning o‘zida o‘rganilib, yangi barpo etilgan "Orzu" dahasidan tegishli yer maydoni ajratiladigan bo‘ldi. Tadbirkorlik faoliyatim bilan bildirilgan bu ishonchni oqlayman.

Muloqotda qishloq xo‘jalik agregatlari ishlab chiqarish sexi qurish uchun yer ajratilishi yuzasidan murojaat qilgan tadbirkor H.Xolmirzayev, bolalar tagligi va gigiyenik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha tayyorlagan va texnologiya sotib olish uchun kredit mablag‘i bilan yordam ko‘rsatishni so‘ragan N.Hojiyeva singari ko‘plab tadbirkorlarning muammolari ijobiy hal etildi.

Tadbir doirasida tikuvchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatiga qiziqqan ishtirokchilar uchun Namangan shahridagi “Istiqlol dizayn markazi”da mahorat darslari tashkil etildi. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Dilrabo SDA”, Namangan tumanidagi “O‘zimizniki” korxonalari bo‘ylab uyushtirilgan biznes-sayohat, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Buramatut gulshani” fermer xo‘jaligi tajribasi bilan tanishuv ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
1 042






Все о погоде - Pogoda.uz