Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.09.2017 15:29 Chop etish versiyasi

Namanganda 4 ming 970 tonna – o‘tgan yilgiga nisbatan 1 ming 520 tonna ko‘p baliq yetishtirish rejalashtirilmoqda

Baliqchilik – mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlardan biri. Mustaqillik yillarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, parhez mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish va bu borada importni qisqartirishga qaratilgan alohida e’tibor baliqchilikni istiqbolli yo‘nalishga aylantirdi.

Buni Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyatda ayni paytda 212 baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili 177 fermer xo‘jaligi va 11 boshqa mulkchilik shaklidagi xo‘jaliklar tomonidan 3 ming 550 tonnadan ortiq baliq yetishtirildi. Bank krediti va tashabbuskorlar tomonidan yo‘naltirilgan 10 milliard so‘mdan ziyod sarmoya hisobiga 68 yangi loyiha amalga oshirilib, 542 gektar maydonda yangi sun’iy havzalar tashkil etildi. Buning samarasida 237 ish o‘rni yaratildi. Yil davomida bozorlarda baliq mahsulotlarining narxi barqaror bo‘lishiga erishildi.

Prezidentimizning 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat asosida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining “Namanganbaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgani viloyatda bu sohani kompleks rivojlantirish borasida qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Joriy yilda viloyatda 4 ming 970 tonna, ya’ni o‘tgan yilgiga nisbatan 1 ming 520 tonna ko‘p baliq yetishtirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz qarorida alohida ta’kidlanganidek, baliqchilikda intensiv usullarni joriy etish yuqori samaradorlik omili bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, baliq boqishning qafas (sadok) usulini qo‘llash har tomonlama afzalligi bilan baliqchilik xo‘jaliklari imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shundan kelib chiqib, bu yil Rezaksoy, Eski yer, Jiydalisoy suv omborlariga jami 140 qafas joylashtirildi va ularga 350 ming dona chavoq tashlandi.

Sohadagi yana bir e’tiborga molik yangilik, joriy yilning noyabr oyida Uchqo‘rg‘on tumanida sovuq suvda yashovchi qimmatbaho forel balig‘ini boqishga ixtisoslashgan yangi xo‘jalik tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Qiymati 10 million dollarga teng mazkur loyiha “Ipotekabank” viloyat filiali tomonidan moliyalashtiriladi. Yangi xo‘jalikda 300 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Joriy yilda viloyatda 23 yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilib, 119 gektar maydonni egallagan sun’iy havzalarga 260 ming donadan ziyod baliq chavog‘i tashlandi. Bu viloyatda bugungacha yetishtirilayotgan baliq mahsuloti bir-ikki yilda 180 tonnadan ko‘proqqa ortadi, deganidir.

– Bular aytishgagina oson, ko‘pchilik suvga chavoqni tashlab qo‘ysang bas, baliq o‘zi katta bo‘laveradi, deb o‘ylaydi, – deydi Chust tumani Do‘stlarobod qishlog‘idagi baliqchilik fermer xo‘jaligi rahbari D.Madaminov. – Aslida, baliqchilik g‘oyat sermashaqqat, jismoniy mehnat bilan birga, bilim va tajriba talab qiladigan soha. Ozgina e’tiborsizlik oqibatida ham baliqlar nobud bo‘lishi mumkin. Tasarrufimizdagi 8 gektar sun’iy ko‘lda baliqning do‘ngpeshona, oq amur, sazan va ilonbosh kabi turlari boqiladi. Kuz oxirida sun’iy ko‘llar quritilib, yerga ishlov beriladi. Yerni oziqlantirish uchun gektariga bir tonnadan go‘ng solinadi. Bu bahorda suv havzasida baliq uchun tirik ozuqa paydo bo‘lishining eng muhim asosidir. Urug‘lantirish jarayoni ikki-ikki yarim oy davom etadi. Urug‘dan chiqqan lichinkalar bir yildan so‘ng chavoqqa – ya’ni, bir santimetrdan o‘n santimetrgacha bo‘lgan mayda baliqchalarga aylanadi. Bir gektar suv havzasiga 60-70 ming dona chavoq solib boqilsa, 1-2-yilda tarozi bosadigan mahsulotga ega bo‘linadi. Bir oyda ko‘lga 6-7 tonna omixta yem tashlaymiz. Bundan tashqari, bedazorimiz bor. Baliqlarimiz yangi o‘rilgan bedani, barra ko‘k o‘tni ishtaha bilan yeydi. Xullas, baliq dasturxonga tansiq taom sifatida tortilgunga qadar juda katta mehnat va mablag‘ evaziga keladi.

Etilgan va tutilgan baliqni uzoq vaqt saqlashning iloji yo‘q, tezroq sotish kerak. Ammo mahsulot o‘ta arzon sotilsa, unga sarflangan mehnat va xarajatni qoplamaydi. Foyda keltirmagan tarmoqning esa kelajagini porloq deb bo‘lmaydi. Shuning uchun soha bardavomligiga erishishda baliqni qayta ishlash, ya’ni konserva ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish zarur. Uzoq muddatga mo‘ljallangan bu yeguliklar esa omborxonalarda yillab tursa ham sifati buzilmaydi.

– Viloyatda baliqni qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilib, istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda, – deydi Namangan viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi sektor boshlig‘i G‘.Nazarov. – Soha istiqbolida yetishtirilgan baliqni bir necha toifa va turlarga ajratib, xilma-xil konserva va uvildiriq tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada bozorlarimizda hozircha chetdan keltirilgan mahsulotlarnigina ko‘rish mumkin. Shundan kelib chiqib, ayni paytda Pop tumanida loyiha qiymati 450 million so‘mlik, oyiga 60 tonna baliqni qayta ishlash quvvatiga ega korxona qurish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Baliqchilikni rivojlantirish nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy nuqtai nazardan ham muhim ahamiyatga ega. Aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda vitaminlarga boy, shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining ham alohida o‘rni bor. Baliq ana shunday mahsulotlar sirasiga kiradi.

– Baliq tarkibidagi oqsil, D vitamini va boshqa mikroelementlar inson organizmi uchun g‘oyat foydalidir, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh diyetologi A.Madaliyev. – Fosfor, oltingugurt, vanadiy kabi minerallar organizmning o‘sishiga, to‘qimalar tiklanishiga yordam beradi. Baliq go‘shti yangi tish va milklar shakllanishi, yuz terisining tiniqlashishi va soch sog‘lomlashuviga ham foydali. Bakterial infeksiyalarga qarshi kurashadi. Qondagi xolesterin miqdorini nazorat qilishi tufayli yurak xurujining oldini oladi. Charchoqni bartaraf etib, tanaga kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlaydi. Aqliy va jismoniy qobiliyat rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Baliq tarkibidagi Omega-3 va Omega-6 yog‘ kislotalari inson organizmida ishlab chiqilmasligi bois, u faqat baliq go‘shti orqaligina organizmga kiradi. Omega-3 yog‘ kislotasi qon quyuqlashuvining oldini oladi.

Muxtasar aytganda, baliq yetishtirish va uni qayta ishlash hajmini ko‘paytirish, baliq yetishtirishning zamonaviy usullarini joriy etish nafaqat iqtisodiy samaradorlik omili, balki aholi salomatligini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.

Akromjon Sattorov, O‘zA
1 977






Все о погоде - Pogoda.uz