Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 15:55 Chop etish versiyasi

Muvaffaqiyatga erishish sirlari

Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tgan mamlakatimizning yetakchi tadbirkorlari va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar uchrashuvi shunday nomlandi. Ochiq seminar tarzida tashkil etilgan ushbu tadbirda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, uyushmagan yoshlar hamda yosh tadbirkorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboyev, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi A.Saidov va boshqalar mamlakatimizda yosh tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ahamiyatga molik masalalaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5-iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoni bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Uchrashuvda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga asosan har ikki tomon yosh tadbirkorlarni izlab topish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ularga keng imkoniyatlar yaratish, yosh tadbirkorlarni hududlardagi erkin iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalariga yo‘naltirish, biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar bilan seminar-trening hamda mahorat darslari tashkil etish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Shuningdek, yosh tadbirkorlar uyushmasini tashkil etish belgilandi.

Tadbirda mamlakatimizning muvaffaqiyatga erishgan yetakchi tadbirkorlari – Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Hikmat Abdurahmonov va «Murad Buildings» korxonasi asoschisi Murod Nazarov tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Yoshlar mazkur tajribali tadbirkorlarning «Texnoplaza» biznes majmuasi hamda «Green city» turar joy majmuasiga tashrif buyurib, ishbilarmonlarning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mamlakatimizning tajribali tadbirkorlari yoshlarga muvaffaqiyatga erishishning omillari haqida o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda so‘zlab berdi. Mutaxassislar tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni amalga oshirishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
1 986






Все о погоде - Pogoda.uz